26-iyul kuni Toshkent shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha tumanlararo sudida Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘i ishi bo‘yicha yettinchi, so‘nggi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudya Azizbek Bazarov raisligida Yakkasaroy tumani aholisining O‘zbekiston hukumati qarori va shahar hokimining istirohat bog‘ini 49 yil muddatga BMP Smart Decision Management boshqaruviga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vosi ko‘rib chiqildi.
“Gazeta.uz” dastlabki to‘rtta uchrashuvni yoritgandi. Beshinchi va oltinchi yig‘ilishlar hisoboti hamda yakuniy yig‘ilish tafsilotlarini yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Yettinchi yig‘ilishda aholi advokati Sabina Sidakova hukumat va hokim qarorlari qabul qilinayotganda buzilgan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yana bir bor sanab o‘tdi. Shuningdek, u yuqoridagi hujjatlarni haqiqiy emas deb qabul qilish sabablarini ko‘rsatdi.
BMP Smart Decision Management advokati Yekaterina Denisova suddan aholining da’vosini rad etishni so‘radi. Himoyachi Vazirlar Mahkamasining qarori va hokimlik qarori to‘liq davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunga muvofiq qabul qilinganini ta’kidladi.
Ariza beruvchilarning har biri hal qiluv qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani qo‘llab-quvvatladi va suddan da’voni qanoatlantirishni so‘radi. Bundan tashqari, murojaatchilar bog‘da attraksionlarsiz, tinch va osoyishta bo‘lishini so‘rashgan.
Jarayon barcha ishtirokchilarining fikrlarini tinglab, sud yakuniy qaror qabul qilish uchun maslahatlashuvga chiqdi.
Natijada sud fuqarolarning arizasini qanoatlantirishdan bosh tortdi. Sud qarorni Vazirlar Mahkamasi qarori va hokimlik qarori tegishli qonunlar asosida qabul qilingani bilan asosladi.
Sudya qarorni o‘qib eshittirar ekan, investor loyihasida daraxtlar, madaniy meros obyektlari va uchta xalqaro hamkorlik obyekti — Seul bog‘i, Sietl bog‘i va Tinchlik qo‘ng‘irog‘ini asrab-avaylashning barcha muhim jihatlari hisobga olinganini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar rekonstruksiya ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq amalga oshirilmasa, aholi ikkinchi shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Shuningdek, sud tomonidan arizachi Aida Muxtorovadan davlat budjeti foydasiga 476 ming so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Aholi birinchi instansiya sudining qarori ustidan shikoyat qilish niyatida.