Yoz qanchalik issiq bo‘lsa, oftob va issiq urishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Har ikkala holat ham ob-havo bilan bog‘liq o‘lim holatlarining asosiy sababi hisoblanadi, deya qayd etadi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti. Issiq urishi surunkali kasalliklar, shu jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, ruhiy salomatlik, astma bilan bog‘liq holatlarni og‘irlashtirishi mumkin. Issiq urishi shoshilinch tibbiy aralashuvni talab qiladi, chunki uning o‘limga olib kelish ehtimoli yuqori, deyiladi JSST saytida.

Iqlim o‘zgarishi tufayli dunyoning barcha mintaqalarida ekstremal jazirama ta’siriga uchragan odamlar soni ortib bormoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida 65 yoshdan oshgan odamlar orasida jazirama bilan bog‘liq o‘lim holatlari 85 foizga oshgan. 2000-yildan beri har yili deyarli 490 ming kishi jaziramadan vafot etmoqda.

O‘tgan yilning yozi butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz bo‘ldi. O‘zbekistonda har yili yoz mavsumida eng yuqori harorat ko‘rsatkichi 40−45 darajaga yetadi, ekstremal ob-havo sharoitida esa 50 darajaga yaqinlashishi mumkin. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda (2014-yildan 2023-yilgacha) o‘nta iyul oyidan yettitasi butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘ntalikdan joy olgan. Bu yil ham yoz juda issiq keldi. O‘tgan iyun oyi uchun o‘rtacha oylik harorat me’yordan 1−2,5 darajaga yuqori bo‘ldi. So‘nggi kunlarda esa mamlakatda juda issiq ob-havo hukm surmoqda.

Manba: O‘zgidrometManba: O‘zgidromet

Toshkent shahar tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Ilhom Aslonovning ma’lum qilishicha, poytaxtda har kuni oftob yoki issiq urishi holatlari bilan bog‘liq bir-ikki chaqiruv kelib tushadi. 15-iyuldan 25-iyulgacha bo‘lgan davrda Toshkentda yettita oftob urishi holati qayd etildi. Uchta holatda o‘smirlar, ikkita holatda nafaqaxo‘rlar oftob urishidan aziyat chekkan. Ilhom Aslonovning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar ko‘pincha ahvolining yomonlashuviga nima sabab bo‘lganini to‘g‘ri aniqlay olmaydi.

“Gazeta.uz” Toshkent pediatriya tibbiyot instituti (“SamPI”) qoshidagi kafedra assistenti va umumiy amaliyot shifokori Javohir Xolmuhamedov bilan oftob va issiq urishi o‘rtasidagi farq, bu ikki holatning sabab va oqibatlari, simptomlari, birinchi yordam ko‘rsatish va issiq havoda ushbu holatlarning oldini olish haqida suhbatlashdi.

issiq, issiq urishi, javohir xolmuhamedov, oftob urishi, salomatlik

Javohir Xolmuhamedov.

Oftob va issiq urishi o‘zi nima va ularning farqi nimada?

Oftob urishi — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlarining bosh va bo‘yinning yuqori qismiga uzoq vaqt ta’siri natijasida yuzaga kelgan organizmning qizib ketish holatidir. Ular ochiq teriga tushib, tomirlarning kengayishi, bu sohaga qon oqimining ortishi va uning qizib ketishiga olib keladi. Ayni paytda organizmdagi barcha hayotiy muhim jarayonlarni nazorat qiluvchi markaziy nerv sistemasining ish faoliyati buziladi.

Oftob urishi holati uzoq vaqt to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bosh kiyimsiz yurish natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bunda kritik vaqt har bir kishi uchun qat’iy individual hisoblanadi. Risk guruhi bolalar, keksalar va tizimli kasalliklarga chalingan kishilarni o‘z ichiga oladi. Bu organizmning yetilmagan yoki buzilgan termoregulyatsiya mexanizmlari bilan bog‘liq.

issiq, issiq urishi, javohir xolmuhamedov, oftob urishi, salomatlik

Javohir Xolmuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchiga o‘z vaqtida birinchi yordam ko‘rsatilmasa, u hushini yo‘qotadi, tomir urishi tezlashadi, hansirash yuzaga keladi, yurak faoliyati ishdan chiqadi. Oftob urishi og‘ir holatlarda komaga olib kelishi mumkin.

Issiq urishi — organizmning atrof-muhitning yuqori harorati ta’siri natijasida vujudga keladigan og‘ir qizib ketish holati. Issiq urishi organizm samarali issiqlik ajratolmaganda va holdan toyganda sodir bo‘ladi. Bu yurak urishining tezlashishiga va tana ichki haroratining ko‘tarilishi — gipertermiyaga olib keladi.

Terini yetarli darajada himoya qilmagan holda va “havo o‘tkazmaydigan” kiyimda uzoq vaqt issiqqa toqat qiladigan yoki ko‘chada ishlaydigan va mashq qiladigan odamlar issiq urishidan aziyat chekishlari mumkin. Risk guruhiga homilador ayollar, insult va infarktni boshdan kechirganlar, shuningdek, astma, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi, surunkali yurak yetishmovchiligi va yurak ishemik kasalligi kabi surunkali kasalliklar bilan kasallangan kishilar kiradi.

Uch xil darajadagi issiq urishi holati farqlanadi. Holatning darajasiga qarab, bemor umumiy holsizlik, bosh og‘rig‘i va haroratning alahlash darajasida ko‘tarilishi, gallyutsinatsiya va hushdan ketish kabilarni boshdan kechirishi mumkin. Zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmagan taqdirda, kutilmagan o‘lim yuz berishi mumkin.

issiq, issiq urishi, javohir xolmuhamedov, oftob urishi, salomatlik

Oftob va issiq urishi o‘rtasidagi farq. Oftob urishi quyosh nurlarining bosh va bo‘yinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siridan kelib chiqadi, bu esa bosh miyaning qizib ketishiga olib keladi. Issiq urishi atrof-muhitning yuqori harorati va/yoki yuqori namlik tufayli organizmning umumiy qizib ketishi bilan bog‘liq. U quyoshda ham, bulutli ob-havoda ham, shuningdek yopiq xonalar, hammomlar, saunalar, transport va boshqa joylarda yuzaga kelishi mumkin.

“Inson bir vaqtning o‘zida ham atrof-muhitning yuqori harorati, ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ta’siriga tushishi mumkin, bu esa issiq va oftob urishi simptomlarining kombinatsiyasiga olib keladi. Masalan, issiq havoda, ayniqsa, jismoniy faollikda uzoq vaqt quyosh ostida yurganda, ushbu holatlarning bir vaqtning o‘zida yuzaga kelish xavfi sezilarli darajada oshadi”, — deb tushuntiradi Javohir Xolmuhamedov.

Simptomlar

Oftob va issiq urishining belgilari bir-biriga o‘xshash. Jabrlanuvchida quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:

  • tana haroratining 40 darajadan yuqori ko‘tarilishi;
  • kuchli va pulsatsiyalanuvchi bosh og‘rig‘i;
  • kuchli holsizlik, charchoq va umumiy darmonsizlik hissi;
  • bosh aylanishi va hushdan ketish;
  • qizargan, issiq va quruq teri;
  • yurak urishining tezlashishi;
  • ko‘ngil aynishi va qusish;
  • ongning chalkashishi, chalg‘ish, nutq bilan bog‘liq muammolar;
  • tutqanoq;
  • nafas olishning qiyinlashishi.

Ilhom Aslonovning so‘zlariga ko‘ra, odamda oftob urishi belgilari darhol namoyon bo‘lmasligi mumkin. Ular quyosh nurlari ta’sirining davomiyligi va intensivligiga qarab asta-sekin yuzaga chiqadi. Avvaliga bemor bosh og‘rig‘i va holsizlik his qilishi mumkin, keyin harorati ko‘tariladi, qusish va diareya boshlanadi. Aksariyat chaqiruvlar bir necha soat o‘tgach yoki oftob urgan kunning ertasiga, simptomlar (yuqori harorat, qusish, diareya va boshqalar) kuchayib ulgurganidan keyin kelib tushadi. Jabrlanganlar ko‘pincha oftob urganini bilmaydi. Bemorning harorati tushmaganligi sabab “tez yordam” chaqiriladi.

issiq, issiq urishi, javohir xolmuhamedov, oftob urishi, salomatlik

Ilhom Aslonovning ta’kidlashicha, bolalarda issiq urishi simptomatikasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega va kattalarda kuzatiladigan holatdan farq qiladi. Bolada burundan qon ketishi kuzatilishi mumkin. U tez-tez esnashi, jahldor va yig‘loqi bo‘lib qolishi mumkin. Simptomlar issiq urishining og‘irlik darajasiga mutanosib ravishda rivojlanib boradi va zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiladi. Aks holda kichik organizmga o‘lim xavf solishi mumkin.

Birinchi yordam

“Biror kishining ahvoli og‘irlashib, hushidan ketganiga guvoh bo‘lsangiz, zudlik bilan „tez yordam“ chaqiring, — deydi Javohir Xolmuhamedov. — Odatda, o‘tkinchi odamga, ayniqsa, bemor bola yoki keksa bo‘lgan taqdirda, yo‘nalishni va jabrlanuvchining ahvoli og‘irlik darajasini to‘g‘ri aniqlash qiyin. Brigada yetib kelguncha birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning birlamchi chora-tadbirlariga rioya qiling (ular haqida quyida o‘qiysiz). Ko‘rikdan so‘ng shifokor bemorning ahvolini baholab, tegishli muolaja tayinlaydi”.

Oftob va issiq urishida bir xil birinchi yordam ko‘rsatiladi:

1. Jabrlanuvchini soya, salqin va yaxshi shamollatiladigan joyga yoki konditsionerli xonaga joylashtirish va boshini ko‘targan holda yotqizish.

2. Yoqa tugmalarini yechib, tor va og‘ir kiyimlarni yechib tashlash va toza havo kirishini ta’minlash.

3. Sovuq suv ichirish, boshga nam kompress qo‘yish va tananing ochiq joylari: bilaklar, bo‘yinning orqa qismi, chakka, peshona, shuningdek, tirsak va tizza bukilmalarini namlash.

Kompress va suv muzdek bo‘lmasligi lozim, aks holda bu tomirlarning qisilishiga olib keladi, bu esa bemorning ahvolini og‘irlashtiradi.

Organizmning qizish darajasiga qarab, tiklanish bir necha soatdan bir necha kungacha vaqt olishi mumkin. Prognoz ko‘pincha ijobiy bo‘ladi. Muolaja va yotoq rejimida kishi 1−2 kundan keyin oyoqqa turadi. Biroq oftob va issiq urishi profilaktikasiga rioya qilgan holda bu holatlarning oldini olish osonroq.

Ehtiyot choralari

Javohir Xolmuhamedov quyosh va issiqning noxush ta’siridan qochish uchun quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilishni tavsiya qiladi:

  • Bosh kiyim kiyish: panama, kepka yoki durra. Ular boshni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qiladi.
  • Ko‘proq suyuqlik ichish: suvsizlanishning oldini olish uchun har soatda 100 ml toza suv ichish.
  • Quyosh ostida uzoq vaqt qolib ketganda, tanaffuslar qilish: muntazam ravishda soyada dam olish.
  • Qahva, spirtli ichimliklar va yog‘li ovqatlardan voz kechish. Ular suvsizlanishga olib keladi va ahvolni yomonlashtirishi mumkin.
  • Issiq havoda jismoniy zo‘riqishlardan saqlanish. Sport bilan shug‘ullanish va kardiotrenirovka qilishdan tiyilgan ma’qul.
  • Terini sovitish: yuz, qo‘l panjalari va oyoq panjalariga muntazam ravishda salqin suv purkab turish yoki nam salfetkalar bilan artish.
  • Terini himoya qilish: quyoshdan himoyalovchi kremdan foydalanish va yorqin rangli kiyim kiyish.

Javohir Xolmuhamedov yozning kun qizigan paytida alohida sabablarsiz uydan chiqmaslikni maslahat beradi. Shuningdek, soat 10:00 dan 18:00 gacha ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi. Harorat me’yordan ortiq bo‘lmagan mavsumlarda quyosh faolligining eng yuqori cho‘qqisi soat 12:00 dan 16:00 gacha bo‘ladi.

Javohir Xolmuhamedovning shaxsiy blogi: https://t.me/makeyourselfgreatagainagain