1899-yilning 21-iyulida amerikalik taniqli yozuvchi, adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibi Ernest Heminguey tavallud topgan edi. U o‘z asarlarida, xususan, “Alvido, qurol” romanida urushning bemisl mantiqsizliklari, inson haq-huquqlari, erkiga tajovuz, ayni paytda, insoniy mardlik, qadr-qimmat va muhabbatning har qanday yovuz kuchlardan ustunligi yorqin ifodalangan. Shuningdek, insonning ruhiy holatini tadqiq etish bilan jamiyatdagi vaziyatni ochib berishga qodir asarlar ham yozgan.

Hemingueyning “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz”, “To‘qchilik va yo‘qchilik” asarlari va bir qator hikoyalari o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Iyul oyida yozuvchi tavalludiga 125 yil to‘lishi munosabati bilan “Gazeta.uz” uning “Chol va dengiz” qissasidan parchalar keltiradi.

“Chol va dengiz"dan parchalar

Itoatkorlik ruhi qachondan boshlab o‘z qalbida qo‘nim topgani ustida bosh qotirib o‘tirmoqlik uchun chol benihoya soddadil edi. Ammo u o‘zining itoatgo‘y bo‘lib qolganini va bu itoatdan u o‘z nomusi, insonlik qadr-qimmatini yo‘qotmaganligini bilar edi.

***

Bir narsa ikki marta hech qachon qaytarilmaydi.

***

— Men uchun qarilikning o‘zi qo‘ng‘iroq soat. Chollar nega juda barvaqt turisharkin-a? Nahotki buni qolgan umrlaridan bir kunini bo‘lsa ham cho‘zish niyatida qilishsa?

— Bilmadim. Faqat shuni bilamanki, yoshlar qattiq va ko‘p uxlashadi.

— Boshimdan o‘tgan, bilaman, — dedi chol…

***

Ko‘pchilik odamlar toshbaqalarga berahm munosabatda bo‘ladilar. Axir, bu jonivorni o‘ldirib, nimta-nimta qilganlaridan keyin ham, uning yuragi anchagacha urishdan to‘xtamay turadi-ku. “Ammo lekin, — deb o‘yladi chol, — yuragim yuragidan farq qilmaydi, qo‘l-oyoqlarim bo‘lsa, uning panjalariga juda ham o‘xshab ketadi”.

***

Chol qachondan boshlab o‘z-o‘zi bilan ovoz chiqarib so‘zlashadigan bo‘lib qolganini endi eslolmas edi. Avvallari tanho qolganda u xirgoyi qilardi. Katta yelkanli kemalarda suzib, vaxtada turgan yo toshbaqa oviga borgan kezlari goho-goho u kechalari ham qo‘shiq aytardi.

Ehtimol, bola undan ketgandan keyin, yolg‘iz o‘zi qolgach, o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshlagandir. Hozir buni eslay olmaydi. Ammo bola bilan birga ov qilgan mahallarida ham, bunga zarurat tug‘ilgan chog‘dagina gaplashar edilar.

Gaplashganda ham ko‘pincha kechalari yoki buzuq ob-havo tufayli majburan bo‘sh qolganlaridagina gaplashar edilar. Dengizda huda-behudaga gapiravermaslik odat tusiga kirgan. Nurli-nursiz gaplarni cholning o‘zi ham yoqtirmas va shu odatni hurmat qilardi. Mana endi bo‘lsa, u, o‘z o‘ylarini juda ko‘p marta ovoz chiqarib takrorlar, nafsilamrga buning birovga ayil botadigan o‘rni ham qolmagan edi.

— Agar o‘zim bilan o‘zim gaplashayotganimni bitta-yarimta eshitib qolganda, u meni jinni-pinniga chiqarib qo‘yardi, — dedi chol. — Ammo men esdan og‘magan ekanman, kimning bu bilan qanchalik ishi bor? Davlatmandlarning xo‘p ham oshig‘i olchida: qayiqlarida radiolari bor, ularga har turli voqealarni so‘zlab beradi, beysbol yangiliklarini eshittirib turadi.

“Hozir beysbol haqida o‘ylashning vaqtimas, — dedi chol o‘ziga. — Endi faqat bir narsa ustida bosh qotirish kerak. Gap mening nima uchun tug‘ilganim ustida boradi. Ehtimol, qayerdadir, mana bu tunets galalari bilan yonma-yon bo‘lib, mening ulkan balig‘im ham daydiyotgandir.

***

“Keksayganda kishi yolg‘iz o‘zi kimsasiz qolmasin ekan, — deb o‘ylardi u. — Ammo bu ko‘rgilikdan qochib qutulib bo‘larmidi.

***

“Uning peshonasiga turli-tuman tuzoqlar, to‘rlar va inson hiyla-nayranglaridan uzoqroqda, zim-ziyo okean tubida yashamoqlik yozilgan edi. Menga esa, yolg‘iz boshim bilan uning ketidan tushib, hali hech kim kelib yetmagan joyda topish nasib bo‘ldi. Ha, hech zot kelib yetmagan joyda. Endi bo‘lsa har ikkovimiz tushdan beri bir-birimizga bog‘lanib qoldik. Shunday. Na unga va na menga hech kim yordam qo‘lini cho‘za olmaydi”.

“Ehtimol, men baliqchi bo‘lmasligim kerak edi, — deb o‘ylardi u. — Lekin xuddi shu kasb uchun tug‘ilganman-ku axir…”

***

— Mazang qochyaptimi, baliq? — deb so‘radi u. — Xudoyim ko‘rib turibdi, menga ham oson emas.

Kim bilan bo‘lmasin, juda ham gaplashgisi keldi. Atrofga alanglab qushni izladi. Ammo undan nom-nishon ham qolmagan edi.

***

— Sabr qil, qo‘l, — dedi u. — Ko‘ryapsanmi seni deb, o‘lar-tirilarimga qaramay harakat qilyapman.

“Katta baliqni ham mehmon qilishim kerak edi aslida, — deb o‘yladi u. — Axir, u menga yo‘ldosh bo‘lib qoldi. Ammo men uni o‘ldirishim kerak. Buning uchun esa kuch-quvvat lozim bo‘ladi”.

***

Chol olis-olislarga boqib, endi o‘zining naqadar yolg‘iz ekanligini tushundi. Ammo bu tubsiz sim-siyoda sinib akslangan rangin quyosh nurlari, pastga ketgan tarang chilvir va dengiz sathining ajabtovur to‘lg‘oqlarini ko‘rib turardi. Passat bo‘lishidan xabar berib bulutlar to‘dalanardi. Chol oldinga qarab, osmon betida yaqqol ko‘zga tashlanib uchgan yovvoyi o‘rdaklar to‘dasini ko‘rdi; ana, to‘da xiralanib yoyildi, keyin yana avvalgidan ham tiniq bo‘lib ko‘zga tashlandi va chol dengizda kishi hech qachon yolg‘iz o‘zigina qolmasligini tushundi.

***

“O‘zi ham baliqmisan baliq ekan. Endi men uning o‘zida qanday kuch yashiringanini bilib olishiga yo‘l qo‘ymayman, — deb o‘ylardi u. — Agar juftakni rostlab qoladigan bo‘lsa, meni nima ko‘ylarga solishi mumkinligini unga bildirish kerak emas. Uning o‘rnida men bo‘lganimda, yo o‘lish, yo qolish deb, to o‘pka tushguncha olg‘a siljigan bo‘lardim. Ammo, ming qatla shukrki, baliqlar o‘zlarini qiruvchi odamlar singari aqlli emaslar; vaholanki, ular bizga qaraganda ham epchil, ham oliyjanobroqdirlar”.

***

“Qiziq, nima sababdan u kutilmaganda yuqoriga chiqib qoldi, — fikrlay boshladi chol. — Yo o‘zini qanday ekanligini menga ko‘rsatgani chiqdimi?! Hay, bu ham yomon emas, endi uni bilaman. Attang, unga men o‘zimning qanday odam ekanligimni ko‘rsata olmayman. Aytaylik, bunda u mening mana bu rasvoyi olam bo‘lgan qo‘limni ko‘rgan bo‘lardi. U men haqimda aslida o‘zim arzimasam ham yaxshiroq fikrda bo‘lishini istayman. O‘shanda men chindan ham yaxshi bo‘laman. Men baliq bo‘lishni, uning ixtiyorida nimaiki bo‘lsa, menda ham bo‘lishini, yolg‘iz chidam va kalla bilan cheklanib qolmaslikni xohlardim”.

***

— Mening zuvalam boshqacha uzilgan deb bolaga aytmovdimmi, axir, — dedi u. — Buni amalda isbot qilishning payti keldi. U allaqachon buni yuz karra, ming karra amalda isbot qilgan edi. Nima bo‘libdi endi? Yana qaytadan isbot qilish kerak bo‘lsa, isbot qilaveradi. Buning sanog‘i har safar yangidan boshlanadi: shu sababdan ham u biron narsani qilayotganda, hech qachon o‘tib ketgan narsalarni eslab o‘tirmas edi.

***

“…Kishini benihoya hayratga soladigan ajoyib qushlar va hayvonlar oldida odam bolasi — nima degan gap o‘zi. Men hozir shu tobda, huv o‘sha dengiz tubida suzayotgan maxluq bo‘lib qolishni istar edim”.

***

— Baliq ham menga oshna, — dedi u. — Men bunday baliqni hech qachon ko‘rgan emasman, shundaylari bo‘lishini eshitmaganman ham. Ammo men uni gumdon qilishim kerak. Yaxshiyamki, yulduzlarni ham gumdon qilishga zarurat yo‘q!

“Tasavvur qilib ko‘rgin-a, odam uzun kun Oyni bo‘g‘izlashga harakat qilib yursa! Oy bo‘lsa, undan qochib ketadi. Bu ham mayliya, agar odamga har kuni Quyoshni ovlashga to‘g‘ri kelib qolganda nima bo‘lardi? Yo‘q, nima desang ham bizning toleimiz bor”, deb o‘yladi u.

Keyin u totinib olishga imkoni bo‘lmagan katta baliqqa achinib ketdi. Ammo bu qayg‘urish, uning baliqni o‘ldirish haqidagi qat’iy qaroriga hech qanday monelik qilmas edi. Qanchadan-qancha odamlarni to‘ydiradi u! Biroq kishilar u bilan qorin qappaytirishga arzisharmikin? Yo‘q, albatta. Dunyoda hech kim uni og‘ziga olishga loyiq emas; axir, unga bir qarang, o‘zini qanday tutyapti, qanday sharofat ko‘rsatyapti.

“Men juda ko‘p narsalarni tushunmayman, — deb o‘yladi u. — Ammo bizga Quyosh, Oy va yulduzlarni o‘ldirishga to‘g‘ri kelmaganligi qanday yaxshi. Dengizdan bor-yo‘q rizqi ro‘zimizni qoqishtirib olayotganimiz va yana o‘z birodarlarimizni o‘ldirayotganimiz ham yetib ortadi”.

***

— Menga qaragin, baliq! — dedi chol unga. — Sen baribir o‘lasan. Shunday bo‘lgach, meni ham o‘zingga qo‘shmozor qilishdan bir ma’no bormi?

“Bunaqada ikki qo‘limni burnimga tiqib qolaverishim ham hech gap emas”, — ko‘nglidan o‘tkazdi u…

“…Meni xarob qilyapsan, baliq, — o‘ylardi chol. — Bu, albatta, sening ishing. Umrim bino bo‘lib hali biron martaba senchalik ulkan, senchalik suluv, osuda va olijanob maxluqni ko‘rmaganman. Mayli, istasang meni o‘ldir. Kim-kimni halok qiladi — endi menga baribir”.

“Yana miyang ayniyapti, qariya! O‘zing bilasan-ku, boshing ravshan bo‘lishi shart. Esingni yig‘ib ol. Uqubatni insonlarcha… yo bo‘lmasa, xuddi mana bu baliqchalik yengib o‘tishga harakat qil”, — deb xayolan qo‘shib qo‘ydi u.

***

“Uni ko‘rgim kelyapti, — deb o‘yladi u, — o‘z qo‘llarim bilan ushlagim, qanday baliq ekanligini bir bilib qo‘ygim kelyapti. Axir u — mening boyligim. Lekin faqat shuning o‘zi uchungina uni ushlab ko‘rgim kelayotgani yo‘q. Men allaqachon, ho‘ o‘shanda, garpunni sopiga dovur urganimda, uning yuragiga qo‘l tekizib ko‘rganday bo‘ldim, — deb o‘ylardi u. — Hay, mayli, endi uni yaqinroq olib kel, boyla, dumiga sirtmoq tashla, qayiqqa yopishib tursin desang, tanasini ham sirtmoqlab ol”.

***

“Kim kimni uyga eltayapti o‘zi — men unimi yo u meni? Agar men uni shatakka olib borayotgan bo‘lganimda, boshqa gap edi. Yoinki, u o‘zining turgan-bitgan savlatini boy berib, qayiq ichida yotganda edi, bunda ham hamma narsa boshqacha, ochiq-oydin bo‘la qolardi. Ammo biz yonma-yon, bir-birimizga zanjirband bo‘lib suzib ketyapmiz. Bor-e, menga nima, meni yetaklab ketayotgan bo‘lsa ketavermaydimi. Unga shu ma’qul bo‘lsa, biz rozi. Nafsilamrga, men ustomonlik ishlatibgina undan ustun chiqdim; baharhol, u menga hech qanday yomonlik ko‘zlagani yo‘q”.

***

Mendan hozir tila tilagingni deyishsa, bularning bari-bari tush bo‘lib qolishini tilardim: baliq-maliq tutdingmi — yo‘q, gazetalar to‘shalgan karavotingda yallo qilib yotibsanmi — yotibsan, tamom, vassalom edi.

— Ammo inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi bo‘lib ketaverish uchun yaratilmagan, — dedi u. — Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi.

***

“Umidsizlik — halokat, — deb o‘ylardi u. — Buning ustiga, fahmimcha, umidsizlik hatto — gunoh. Nima gunohu nima gunoh emas, deb bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q. Busiz ham dunyoda boshni qotiradigan narsalar to‘lib-toshib yotibdi. To‘g‘risini aytganda, men gunoh bo‘lgan narsalarni yaxshi tushunmayman.

Tushunmayman ham va ehtimol, ularga ishonmayman ham. Balkim baliqni o‘ldirishim gunoh bo‘lgandir. Men uni ochdan o‘lmaslik va yana talay odamlarning qornini to‘ydirish uchun o‘ldirgan bo‘lsam ham, fahmimcha, ha, gunoh bo‘ldi. Unda, sen nima qilayotgan bo‘lsang, bari gunoh-ku. Nima gunohu nima nogunoh — buni o‘ylab o‘tirishdan hojat yo‘q. Boz ustiga vaqti ham o‘tdi, bundan tashqari, gunohlar bilan shu to‘g‘rida bosh qotirib, bosh qotirganliklari uchun haq oladiganlar shug‘ullanaversin. Ha, xuddi o‘shalar gunohning nimaligi ustida bosh qotiraversin.

Xuddi baliq — baliq bo‘lish uchun tug‘ilganidek, sen ham baliqchilikka tug‘ilgansan. Avliyo Pyotr ham baliqchi edi, ulug‘ Di Madjioning otasi ham shu kasb sohib adosi bo‘lgan".

Biroq chol o‘zini qurshagan narsalar haqida mulohaza yuritishni yaxshi ko‘rar, o‘qiydigan kitobi, eshitadigan radiosi bo‘lmagandan keyin, juda ko‘p o‘ylar, shu jumladan, gunoh ustida ham bosh qotirar edi.

“Sen baliqni boshqalarga sotib, shu bilan bir kuningni ko‘rish uchungina o‘ldirganing yo‘q, — deb o‘ylardi u. — Sen uni bir sirasi oriyat tufayli va, qolaversa, baliqchi bo‘lganing uchun ham o‘ldirding. Bu baliq tirikligida sen unga ko‘ngil qo‘yding, hozir ham uni yaxshi ko‘rasan. Kimnidir sevsang, uni o‘ldirish ham gunoh emas. Balki, aksinchadir, og‘irroq gunohdir?”.

— Sen haddan tashqari ko‘p o‘ylayapsan, qariya, — dedi u ovoz chiqarib.

“Biroq sen dentusoni jon-jon deb asfalasofilinga jo‘natding-ku, — o‘yladi chol. — U bo‘lsa xuddi senga o‘xshab, baliq o‘ldirib bir kunini ko‘radi. Harom-xarishni ham jig‘ildoniga shunchaki bir qorin to‘ydirish uchun urib qo‘ya qolmaydi va xuddi boshqa akulalarga o‘xshab, nomigagina yeb to‘ymas palid emas. U qo‘rqinch nima bilmaydigan chiroyli va olijanob maxluqdir”.

— Men uni o‘z jonimni himoya qila turib o‘ldirdim, — dedi chol ovoz chiqarib. — O‘ldirganda ham boplab o‘ldirdim.

“Yana deng, — deb o‘yladi u, — hamma ham nima bo‘lmasin, kimnidir yoki nimanidir o‘ldiradi. Baliq ovi meni ham go‘rga tiqyapti, ham go‘r og‘zidan qaytarib olib kelyapti. Qo‘y, suyilma, chol. Baliq ovi emas, bola seni go‘r og‘zidan qaytaryapti”.

***

“Men sohildan juda ham yiroqda bo‘lmasam kerak, — deb o‘yladi chol. — Fahmimcha, u yoqda bekordan-bekorga qayg‘urishmayotgan bo‘lsa kerak. Darvoqe, qayg‘urganda ham faqat bola qayg‘urishi mumkin. Ammo, axir xuddi uning o‘zi menga juda ishonadi-ku! Kattaroq baliqchilar-ku, hoynahoy, xavotir olishayotgandir. Nimasini aytasan, yoshlar ham shunday deyaver, — deb o‘ylardi u. —  Axir men yaxshi odamlar orasida yashayman”.

Endi u baliq bilan boshqa o‘rtoqlasholmasdi. Baliq boshdan-oyoq tig‘iparron qilingan edi. Lekin birdan uning xayolida yangi bir fikr tug‘ildi.

— Hoy, yarimta baliq! — chaqirdi u. — Nomigagina qolgan baliq! Dengizda mana shunchalik yiroqlab ketganimga achinaman. Men har ikkimizni ham xonavayron qildim. Ammo biz sen bilan birga ko‘p akulalarni borsakelmasga gumdon qildik va yana qanchasining belini sindirdik…

***

Kim bilsin? Axir, sen dengizda o‘tkazgan 84 kunning badaliga baxt sotib olishni ko‘zlagan eding. Ha-ya, darvoqe, oz bo‘lmasa, uni senga sotib qo‘yay ham dedilar…

“Bo‘lar-bo‘lmas narsalarni o‘ylayverma. Baxt degan narsa odam bolasiga turlanib keladi, uni bilib bo‘larmidi? Boringki, men qanday bo‘lib kelmasin, o‘zimga jindakkina baxt olgan bo‘lardim va uning evaziga nima so‘ramasinlar, ikki qo‘llab baxsh qilardim. Qaniydi endi Gavana shu’lalarini ko‘rsam, — deb o‘ylardi u. — Sen besh qo‘lingni baravar og‘zingga tiqayapsan chol. Biroq, men shu tobda Gavana chiroqlarini ko‘rishdan boshqa hech narsani istamasdim”.

***

“O‘ringa oyoq cho‘zish ayni hikmatning o‘zi. Yengilib bo‘lganingdan keyin yelkangdan tosh ag‘darilganday yengil tortasan-qo‘yasan! — xayol qildi u. — Men buning shunchalik oson bo‘lishini bilmasdim… Kim ham seni yenga qoldi o‘zi, chol? — so‘radi u o‘zidan. — Hech kim, — javob berdi u. — Aybim shuki, men dengizda haddan tashqari uzoq ketib qoldim”.

***

— Meni qidirishdimi?

— Bo‘lmasa-chi. Qirg‘oq soqchilari ham, samolyotlar ham qidirishdi.

— Okean poyonsiz, qayiq bo‘lsa zig‘irdakkina, uni topib bo‘larmidi, — dedi chol.

U, o‘z-o‘zing va yana dengizdan tashqari ham gaplashadigan biron odaming bo‘lsa qanday ajoyib bo‘lishini hozir ich-ichidan sezdi.

— Men seni rosa qo‘msadim, — dedi u…