Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan 2024-yilgi Olimpiada o‘yinlari guruh bosqichining 2-turida Misrdan uchralgan mag‘lubiyat haqida fikr bildirdi. 27-iyul kuni o‘yin 0:1 hisobida yakunlangani bois O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning chorak finaliga chiqish uchun barcha imkoniyatlarini boy berdi.

“Bunaqa erta ketish niyatimiz yo‘q edi. Albatta, birinchi uchrashuv ham, bugun ham, menimcha, qayerdadir omadsizlik, qayerdadir tajriba [yetishmadi]. Keldik, havoni ko‘rdik, o‘ynasak bo‘lardi. Eng alamlisi, biz bundan ham yaxshiroq o‘ynasak bo‘lardi va ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonsak bo‘lardi. Alam qiladigani, kuchimiz yetardi va yetdi ham, menimcha. Qayerdadir epizodlarda xato qildik, gol o‘tkazdik”, — dedi murabbiy.

“Keyingi safar kelganimizda bundan ham kuchli bo‘lamiz, bu aniq. Hammaga, muxlislarimizga, birinchidan, rahmat va uzr so‘rayman. Menimcha, o‘tgan o‘yindan ham, bugun ham muxlislarimiz eng zo‘ri bo‘ldi, ularga katta rahmat aytaman. Sog‘-salomat bo‘lishsin. Biz yutuqlarimiz bilan ularni yana xursand qilamiz, albatta”, — dedi Timur Kapadze.

Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni soat 18:00 da O‘zbekiston Dominikan Respublikasi bilan o‘ynaydi, ammo bu o‘yin faqat uchinchi o‘rin taqdirini hal qiladi (guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar chiqadi).