“Gazeta.uz” 2024-yil 1-avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi oshiriladi.

Bunda 1-avgustdan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.

2. Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati tashkil etiladi.

Bunda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

1-avgustdan institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi beriladi. Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakunigacha katta hajmdagi ma’lumotlar (“Big Data”) ekspertizasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.

3. Ayrim yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.

1-avgustdan joriy yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan, joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.

4. Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

Bunda:

  • tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda loyiha kompaniyasiga topshiriladi;
  • loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi ta’minlanadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.

5. Oliy ta’lim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalari tashkil etiladi.

1-avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.

6. Paxta-to‘qimachilik klasterlari moliyaviy sog‘lomlashtiriladi.

2024-yil 1-avgustdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha klasterlar ta’sischilarining shaxsiy kafilligi qo‘shimcha ravishda rasmiylashtiriladi.

Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35 foizi va undan yuqori qismi to‘langan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit bo‘yicha mulkiy majmua sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJning mulkiy majmualarini sotib olish bo‘yicha klasterlar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan to‘lov grafigi bo‘yicha qarzdorliklar muddati 1 yilga uzaytiriladi.

7. Avtoraqamlar tasodifiy generatsiya yo‘li bilan beriladi.

Oddiy davlat raqamlari “Davlat raqam belgilari” moduli orqali tasodifiy avtomatik generatsiya yo‘li bilan beriladi.

8. Talabalar yotoqxonalariga joylashish uchun onlayn arizalarning qabuli boshlanadi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

9. Futzal muxlislariga poyezdlar uchun chegirmalar beriladi.

2024-yil avgust-oktabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, shuningdek, chempionat o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.