Oq uy veb-saytiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika demokratik institutlarida “ishonch va javobgarlikni tiklash” uchun uchta yirik islohotni taklif qildi.

Birinchi islohot konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni o‘z ichiga oladi, bu “hech bir prezident qonundan ustun emasligini va o‘z lavozimida bo‘lgan vaqtida sodir etgan jinoyatlari uchun ta’qib qilinishga qarshi immunitetga ega emasligini aniq ko‘rsatib beradi”.

“Bu mamlakat oddiy, ammo chuqur tamoyilga ko‘ra asos solingan: hech kim qonundan ustun emas. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti ham. AQSh Oliy sudi sudyasi ham. Hech kim”, — deb yozdi Bayden The Washington Post`da e’lon qilingan ruknida.

AQShning amaldagi rahbari sobiq prezident Donald Trampning da’vosi bo‘yicha Oliy sudning 1-iyuldagi qarorini ham tanqid qildi. Sud, xususan, sobiq prezidentlar shaxsiy xatti-harakatlari uchun emas, balki rasmiy xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligi haqida qaror chiqargandi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bu “prezidentni qo‘lidan kelganini qilishdan cheklaydigan narsa yo‘q” degan ma’noni anglatadi.

Ikkinchi islohot doirasida Bayden Oliy sud sudyalarining vakolatlarini 18 yil bilan cheklashni taklif qilmoqda, bu, uning fikricha, “ularning muntazam almashinuvini ta’minlashga yordam berishi kerak”. Amerika Konstitutsiyasiga ko‘ra, Oliy sud sudyalari umrbod xizmat qiladi.

Uchinchi islohot Oliy sud sudyalarining “sovg‘alarni hisobga olishi, ommaviy siyosiy faoliyatdan voz kechishi, o‘zlari yoki turmush o‘rtoqlari o‘rtasida moliyaviy yoki boshqa manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan hollardan voz kechish"ni talab qiladigan majburiy xulq-atvor kodeksini joriy etishni nazarda tutadi.

CNN`ning ta’kidlashicha, Bayden 2021-yilda Oliy sudga tarkibiy o‘zgartirishlar kiritishni o‘rganish uchun komissiya tuzgan, ammo u takliflari amalga oshmagan. Bu vaqt ichida AQSh Oliy sudi demokratlar tanqidiga uchragan bir qancha bahsli qarorlar qabul qildi. Ular orasida abort huquqini bekor qilish, ta’limga qabul qilishda pozitiv diskriminatsiyalar va qurolga egalik huquqlarini kengaytirish bor.

Bayden taklif qilgan islohotlar Kongressning ma’qullanishini talab qiladi, uning hozirgi tarkibiga ko‘ra bunga erishish qiyin bo‘ladi, chunki Vakillar palatasini respublikachilar nazorat qiladi va demokratlar Senatda sezilarsiz ko‘pchilikka ega. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish barcha shtatlar ishtirokidagi murakkabroq jarayonni ham talab qiladi, buni amalga oshirish deyarli mumkin emas, deb yozadi CNN.

  • AQShda prezidentlik saylovlari 2024-yil 5-noyabrda bo‘lib o‘tadi. Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan nomzodini qo‘ymoqda. Demokratlardan nomzodini qo‘yishni rejalashtirgan Jo Bayden poygadan chiqqanini e’lon qildi. U Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatdan keyin partiyadoshlarining bosimi ostida shunday qarorga keldi. Bayden vitse-prezident Kamala Harrisni demokratlar nomzodi sifatida ma’qulladi.