Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi 11-iyul kuni O‘zbekistonda ilk ekologik master-planlarni taqdim etdi. Sinov shaharlari sifatida Buxoro va Samarqand tanlangan. Loyiha ushbu shaharlar hokimliklari va viloyat ekologiya boshqarmalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hujjatlar shahar hokimligiga infratuzilma va hududiy rejalashtirishni yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytirishga yordam beradi.

Ekologik master-plan o‘zi nima?

Ekologik master-plan (EMP) — bu atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, ekologik vaziyatni va shahar aholisining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tavsiyalar va strategik chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga olgan hujjat.

Master-plan shaharning joriy ekologik holatini tavsiflaydi va uni bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholaydi. Ushbu baholash asosida boshqaruvni takomillashtirish, yangi qoidalarni joriy etish hamda mahalliy hokimiyat siyosati va aholining xulq-atvorini muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar majmui taklif etiladi.

Muntazam baholash ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish va eng yaxshi amaliyotlarni aniqlashga yordam beradi. Bu, shuningdek, ekologik vaziyat monitoringini tizimlashtirish imkonini beradi. Natijada O‘zbekiston shaharlari yashil, toza, inklyuziv, barqaror va yashash uchun qulay shaharlarga aylanadi, deb hisoblaydi Milliy markaz ekologlari. Hujjat mualliflari hokimliklarni strategiyadan foydalanishga va barqaror shahar siyosatini ishlab chiqishga o‘rgatadi.

Ekologik master-plan qanday bo‘ladi?

Buxoro va Samarqand uchun ekologik master-plan Ekologiya vazirligi, ushbu shaharlar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar hamkorligida ishlab chiqilgan.

Hujjat quyidagi bo‘limlardan iborat:

  • umumiy ma’lumotlar: maydoni, geografik joylashuvi, iqlimi, aholisi soni va zichligi, tarixiy va madaniy ahamiyati, infratuzilmasi, transporti, sanoati, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari;
  • mahalliy aholining ekologik vaziyatga jalb etilganlik darajasi, ekologik holatni baholash;
  • “yashil” shaharlar reytingiga muvofiq strategik tarmoqlarini baholash: energetika va atmosferaga chiqindilar, yerdan foydalanish, transport, havo sifati, chiqindilar va suv;
  • eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlar rejasi va amalga oshirish rejasi.

Master-planlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan shaharsozlik mutaxassisi Bobur Sirojevning qayd etishicha, “yashil” shaharlar reytingi master-planlarni yaratishdagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Fuqarolarning ekologik vaziyatga, ustuvorliklari va kutilmalariga oid fikrlarini o‘rganish maqsadida Ekologiya vazirligi tomonidan U-Report platformasi bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. U mamlakatning barcha hududlaridan 3630 dan ortiq o‘zbekistonliklarni qamrab oldi. Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi respondentlarning 75 foizi ekologik vaziyatdan xavotirda ekanligini bildirgan. Bu O‘zbekiston viloyatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich, deydi Bobur Sirojov.

iqlim o‘zgarishi milliy markazi, ekologik master-plan

Foto: Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Buxoroliklarni havoning ifloslanishi, suv tanqisligi va shaharning yetarlicha ko‘kalamzorlashtirilmaganligi ko‘proq tashvishga solmoqda. So‘rovnomada qatnashganlarning fikriga ko‘ra, yashil maydonlarni ko‘paytirish ustuvor ekologik yo‘nalish bo‘lishi lozim — so‘rovnoma ishtirokchilarining 45 foizi ushbu yo‘nalishni ustuvor deb topdi. Respondentlarning 12 foizi chiqindilarni boshqarish tizimini — chiqindilarni yig‘ish tizimidan qayta ishlashgacha — takomillashtirish zarur, deb hisoblaydi.

Buxoro viloyati uchun eng ustuvor yo‘nalishlardagi muammolarni hal qilish uchun Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tomonidan ko‘kalamzorlashtirish, suvdan foydalanish va chiqindilarni boshqarish sohalarida quyidagi harakatlar rejasi taklif etildi.

Ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha harakatlar rejasi:

  • Istirohat bog‘lari, xiyobonlar, qatnov qismi yoqasida joylashgan yo‘llar, avtoturargohlarni ko‘kalamzorlashtirish;
  • Vertikal ko‘kalamzorlashtirishni joriy etish;
  • Transchegaraviy chang va qum bo‘ronlari shaharga qanday ta’sir qilishini o‘rganish. Bu bo‘ronlar o‘tadigan hududlarga “yashil belbog‘” o‘tqazish. Samarali himoya uchun “yashil belbog‘”ning kengligi kamida 15 qator o‘simliklarni tashkil etishi lozim;
  • Eng cho‘llashgan mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish. Hovlilarni loyihalashda o‘rta bo‘yli daraxtlar va butalar o‘tqazish, avtoturargohlarni hovlidan tashqarida joylashtirish.

iqlim o‘zgarishi milliy markazi, ekologik master-plan

Manba: Ekologiya vazirligi Matbuot xizmati.

Suvdan foydalanish bo‘yicha harakatlar rejasi:

  • Suvning hajmi va sifati bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilish. Yomg‘ir tizimini boshqarish, suv toshqinlaridan himoya qilish va suv resurslarini saqlash strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish. Ishchi guruh, shuningdek, ishlarning borishini monitoring qiladi va ularning samaradorligini baholaydi. Tayyor strategiya aholi va shahar hokimligi bilan birgalikda tasdiqlanadi;
  • Turizm sohasida resurslar iste’molini kamaytirish. Sektorning ekologiyaga munosabatini muvofiqlashtirish, eco-friendly belgisini berish mezonlarini shakllantirish va belgilash hamda ularning ijrosini nazorat qilish. Buxoro keng ommalashgan sayyohlik yo‘nalishi hisoblangani sabab turizm sektori — tegishli choralardan biri, deya tushuntirish berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga. Dunyoda keng ommalashgan suv iste’molini qisqartirish tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Buni mehmon yashayotgan davrda har kuni sochiq va choyshablarni almashtirishdan voz kechish orqali amalga oshirish mumkin;
  • Ijtimoiy muassasalarda me’yoridan ortiq suv sarfiga qarshi kurashish uchun suv ta’minoti auditini o‘tkazish — muammoli joylarni aniqlash uchun bir xil toifadagi turli obyektlarda suv iste’moli hajmini tekshirish. Uskunalarni yangilash, kam suv sarfiga mo‘ljallangan qurilmalarni o‘rnatish va suv iste’moli monitoringini joriy etish. Shahar bunday uskunalarni o‘rnatish xarajatlarining bir qismini subsidiyalashi, shuningdek, o‘rnatiladigan qurilmalarga minimal talablarni kiritishi mumkin. Avtomatlashtirilgan qo‘l yuvish, ikki knopkali unitaz baklari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, xodimlar va o‘quvchilarni suvni tejashga o‘rgatish va ularga ekologik mas’uliyat hissini singdirish rejalashtirilgan.

Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha harakatlar rejasi:

  • Chiqindi tashuvchi kompaniyalar soni, ular qamrab olgan hududlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini hisobga oladigan monitoring tizimini joriy etish;
  • Sanitariya va chiqindilarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishning ahamiyati bo‘yicha o‘quv kampaniyalari vositasida aholining xabardorligini oshirish. Bu mas’uliyatli xulq-atvorni rag‘batlantiradi;
  • Hamkor do‘konlar, pochta bo‘limlari va marketpleyslarda ikkilamchi xomashyoni yig‘ish nuqtalarini tashkil etish;
  • Kanalizatsiya va sanitariya xizmatlaridan foydalanishni imkoniyatlarini oshirish uchun sanitariya infratuzilmasiga investitsiyalarni ko‘paytirish. Investitsiyalar, shuningdek, chekka hududlarda yangi tarmoqlar qurish va septiklar o‘rnatishga yo‘naltirilishi lozim.

iqlim o‘zgarishi milliy markazi, ekologik master-plan

Manba: Ekologiya vazirligi.

Ekologik master-plan qanday qo‘llaniladi?

Prezidentning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish to‘g‘risidagi farmoniga ko‘ra, ekologik master-planlar Xalq deputatlari viloyat kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Reyting natijalari Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Ular asosida hukumat hududlar rahbarlarini rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi.

Hozirda Iqlim o‘zgarishi milliy markazi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqmoqda, unda ekologik master-planlar majburiy etib belgilanadi, deb xabar qildi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati. Bundan tashqari, hujjat master-planlarni amalga oshirish bo‘yicha davlat organlaridagi barcha mutasaddi shaxslarning roli va majburiyatlarini belgilaydi.

“EMPning mavjudligi va umuman, ekologik ma’lumotlarni yig‘ish mexanizmlarining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat bo‘shliq va muammolarni ko‘rish, balki investitsiya va infratuzilma loyihalari portfelini to‘g‘ri shakllantirish imkonini beradi, — deya ta’kidladi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi “Gazeta.uz”ga. — Bu shuni anglatadiki, investitsiyalar nafaqat qurilish yoki boshqa sohaga, balki ekologik masalalarni hal qilish yoki EMPda ko‘rsatilgan tavsiyalarni bajarish uchun ham jalb qilinadi”.

Vaqt o‘tishi bilan ekologik master-planlar yashil shaharni boshqarish uchun asos vazifasini o‘taydi. Ular barqaror shahar rivojlanishining yangi loyihalari muvaffaqiyatini ta’minlashi mumkin. Keyingi uch-besh yil ichida asosiy bandlarning amalga oshirilishi shaharlarda aholining hayot sifatini yaxshilaydi.

iqlim o‘zgarishi milliy markazi, ekologik master-plan

Suna Park. Foto: Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ekologiya vaziri maslahatchisi va Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Suna Park ishlab chiqilgan EMPlar allaqachon shaharlarni rivojlantirish rejalariga tatbiq etilayotganini ta’kidladi. Mahalliy hokimliklar bilan birgalikda aholini xabardor qilish va hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga jalb qilish uchun jamoat kampaniyasi tashkil etiladi. Masalan, suv iste’molida eng yaxshi va eng yomon ko‘rsatkichlarga ega maktablar, bog‘chalar va korxonalarni aniqlash bo‘yicha bir qator kampaniyalar boshlanishi kutilmoqda; bunda eng yaxshilari — rag‘batlantiriladi, yomonlari — o‘qitiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga so‘nggi tashrifi chog‘ida Iqlim o‘zgarishi milliy markazi vakillari yerdan foydalanish va ko‘kalamzorlashtirish sohasida ba’zi tavsiyalar berdi, deya ta’kidladi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi.

Asta-sekin respublikaning har bir tumani uchun ekologik master-plan ishlab chiqiladi. Hujjatlar bilan tanishish, shuningdek, O‘zbekiston shaharlarida ekologik barqarorlikni yaxshilash bo‘yicha yangilanishlarni Iqlim o‘zgarishi milliy markazining yangi Green Cities platformasida kuzatib borish mumkin.