Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi. Ushbu bayram mamlakatda 2021-yildan beri nishonlanadi.

Tabrikda jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlanadi.

“Dunyo miqyosida bag‘rikeng yurt sifatida e’tirof etiladigan jonajon vatanimizda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.

Prezident vatandoshlariga yo‘llagan tabrigida bugungi kunda dunyoda beqaror vaziyat hukm surayotganini ta’kidladi.

“Xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi susayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda hayotning o‘zi bizdan mamlakatimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzg‘unchi yot g‘oya va oqimlar, tashqi ta’sirlardan asrashga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Prezident o‘z tabrigida O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli jamiyatni boshqarish sohasida katta tajriba to‘plaganini, bu “dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otganini” eslatdi.

“Biz bundan buyon ham nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz. Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettiramiz”, — dedi davlat rahbari o‘z tabrigida.

U haftalik davomida butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkaziladigan do‘stlik festivallari xalqni yanada birlashtirish bilan birga, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tabrik davlat rahbarining ushbu tilaklari bilan yakunlanadi: “Vatanimizda doimo tinchlik-osoyishtalik va farovonlik hukm sursin, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqiga hamisha baxtu saodat yor bo‘lsin!”