Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Qayd etilishicha, fuqaro V.I. ikki kishini Angliyaga ishga yuborishi evaziga 4500 dollar olgan. U tezkor tadbirda 1,2 mln so‘m va 700 dollarni qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida V.I. yana 47 nafar fuqaroni chet davlatlariga ishga yuborishi evaziga jami 37 160 dollarni olgani aniqlangan.

Shuningdek, Navoiy viloyatida R.D. fuqaro A.F.ni Koreyaga yashash va ishlash uchun jo‘natishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.