Dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova o‘zbekistonliklardan yaponiyalik raqibi Uta Abe manziliga salbiy fikrlar yozishni bas qilishni so‘radi.

“Barcha muxlislardan, kim bo‘lishidan qat’i nazar, hammaga chuqur hurmat[da] bo‘lishingizni so‘rab qo‘laman. Bu, albatta, sport, bu — bizni birlashtiruvchi kuch! Biz dzyudo oilasimiz. Iltimos, to‘xtating. Menimcha, dzyudoning insonlarga o‘rgatadigan eng muhim jihati — bu hurmatdir”, — deb yozdi Keldiyorova Instagram`dagi Stories`da.

dzyudo, дiёра келдiёроva, олiмпiаda-2024, олiмпiя o‘yinlari 2024, uta абэ

Turnir favoriti, amaldagi Olimpiya chempioni va to‘rt karra jahon chempioni, besh yil davomida dzyudo bo‘yicha jahon turnirlarida yutqazmagan Uta Abe Parij Olimpiadasida Keldiyorovaning 1/8 finaldagi ilk raqibiga aylandi.

Oxirgi marta Uta Abe 47 ta g‘alabali seriyasidan avval 2019-yilning noyabr oyida fransiyalik Amandin Busharga yutqazgandi (o‘zbekistonlik sportchi uni o‘sha turnir yarim finalida ham mag‘lub etgan).

Mag‘lubiyatdan keyin yaponiyalik 24 yoshli sportchi yig‘lab yubordi va yuzini gilamga ko‘ygan holatda qoldi. U o‘rnidan turganda ham yig‘lashni davom ettirdi, murabbiy esa uni yupatish uchun hamma ishni qildi.

Kyodo.Kyodo.

“Mag‘lubiyatga uchragan paytimda tinchlana olmadim, chunki Olimpiada haqida juda ko‘p o‘ylagandim, shu kun uchun juda ko‘p ish qilgandim”, — deb tan oldi Uta Abe keyinchalik Kyodo nashriga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Keldiyorova ajoyib texnikani namoyish etgan. “Men javob berishga ulgurmay, sarosimaga tushdim”, — dedi sportchi.

Dzyudo bo‘yicha Yaponiya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Katsuyuki Masuchi Uta Abe mag‘lubiyatdan keyin tushkunlikka tushganini aytdi.

“U gilamchadan tushganidan keyin o‘zini tutolmay yig‘ladi va sportchilar xonasida ham ko‘p yig‘ladi. U juda tushkunlikka tushgan edi, shuning uchun men unga hech narsa deya olmadim. Qo‘limdan kelgani yelkasiga yengil urib, tasalli berish bo‘ldi. Bu vaqt talab etadi”, — deydi u.

Unga ko‘ra, 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida yaxshi dzyudochilar ko‘p. “[Keldiyorovaning] tezligi bor. Raqobat qiyin bo‘lishini bilardim, lekin Uta har doimgidek g‘alaba qozonish yo‘lini topishini kutgandim. Olimpiada o‘tgan yildan beri Utaning asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Bu o‘yin meni yana “raqobat qo‘rquvi”ni his qilishga majbur qildi. Hamma Uta g‘alaba qozonishini kutgandi, ammo bu o‘yin bizga chempionlikni himoya qilish va ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritish naqadar qiyinligini o‘rgatdi”, — dedi murabbiy.

Uta Abening Hifumi ismli akasi bor. Ular Tokio-2020 Olimpiadasida bir kunda oltin medallar qo‘lga kiritgan birinchi aka-uka sifatida tarixga kirgandi.

Ular ikkinchi Olimpiya o‘yinlarida ham shu natijaga erishishni maqsad qilgandi. Hifumi singlisining mag‘lubiyatidan so‘ng o‘zini tutishga muvaffaq bo‘ldi — u 59 soniyalik jang o‘tkazdi va erkaklar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha 66 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida finalda braziliyalik Villian Limani mag‘lub etdi, deb yozdi Japan Today.

Diyora Keldiyorovaning “oltin”i O‘zbekistonning 2024-yilgi O‘yinlar kolleksiyasidagi ilk medali bo‘ldi. U O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi bo‘ldi. Bungacha dzyudochilar ikkita kumush (1996-yilda Armen Bagdasarov va 2008-yili Abdulla Tangriyev), shuningdek, beshta bronza (2008, 2012 va 2016-yillarda Rishod Sobirov, 2016-yilda Diyorbek O‘rozboyev va 2020-yilda Davlat Bobonov)ni qo‘lga kiritgan edi.

Keldiyorova, shuningdek, yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ayollar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi hamdir. Bungacha yagona “oltin”ni 1994-yilda qishki Olimpiada o‘yinlarida erkin chang‘ichi Lina Cheryazova qo‘lga kiritgan edi. Oxirgi marta O‘zbekistonning ayol vakili 2008-yilda Pekin Olimpiadasida shohsupaga ko‘tarilgan edi — bu trampolinist Yekaterina Xilko .