Fransiya mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarining 3-kunida O‘zbekiston terma jamoasidan 8 nafar sportchi 5 ta sport turi: dzyudo, boks, qilichbozlik, suzish, akademik eshkak eshish bo‘yicha bahslarga kirishdi. Kun yakunida faqat 2 bokschi medallar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Gazeta.uz dushanba kuni musobqalarda ishtirok etgan sportchilarning natijalarini taqdim etadi:

Dzyudo

-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev ilk bahsda qozog‘istonlik Daniyar Shamshayevni mag‘lub etib, keyingi 1/16 bahsda moldovalik dzyudochiga yutqazdi.

-57 kg: Shukurjon Aminova ham birinchi davrada kot-dʼIvuarlik Dabonne Zuleyha Abzettani yengdi. Biroq, keyingi bosqichda gruziyalik raqibiga imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Akademik eshkak eshish

Nurmatov va Safaraliyev juftligi o‘tish bosqichida o‘z guruhida 4-bo‘lib marraga yetib keldi. Shu tariqda, ular 31-iyul kuni S finalida startga chiqadigan bo‘lishdi. Bu medal uchun da’vogarlik qilish imkoniyatini bermaydi.

Qilichbozlik

Qilichboz Zaynab Dayibekova birinchi davradagi jangida ishtirokini yakunladi. Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori, janubiy koreyalik Yun Ji-Su bilan bellashgan Zaynab 11:15 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Suzish

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ilya Sibirsev 800 metrga erkin usulda suzish dasturida 7:56.67 daqiqa bilan marraga keldi va final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.

Boks

-63,5 kg: Ruslan Abdullayev nimchorak finalda meksikalik Migel Ramiresni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Uning keyingi jangi 1-avgustda bo‘ladi.

+92 kg: Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov ham nimchorak finalda norvegiyalik Omar Shihadan 5:0 hisobida ustun keldi. Jalolov 2-avgust kuni yarim final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, 3-kun natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiada reytingida bitta oltin medal bilan 13-o‘rinda bormoqda. Kuchlik uchlikda Janubiy Koreya (9 ta medal), Yaponiya (11), Xitoy (9) mamlakatlari turibdi. Qo‘shni Qozog‘iston esa 3 ta medal bilan 11-o‘rinni qayd etmoqda.