Parij olimpiadasining dzyudo bahslarida oltin medalga ega chiqqan (-52 kg) Diyora Keldiyorova taqdirlash marosimidan so‘ng matbuot anjumanida qatnashdi va finalgacha bo‘lgan yo‘li haqida gapirdi.

U o‘z medali orqali O‘zbekistonda ayol sportchilarga juda katta yo‘l ochilishiga ishonch bildirdi.

“Bu sovrin nafaqat mening, balki butun ayol sportchilarning medali. Bilaman, bu medalim O‘zbekistonda ayollarga juda ham katta yo‘l ochadi. Bu uchun o‘z hissamni qo‘shganimdan juda ham xursandman”, — dedi sportchi.

Shuningdek, u Xalqaro dzyudo federatsiyasiga bergan izohida O‘zbekistondagi ayollar hayotini o‘zgartirish uning missiyasi ekanini ta’kidlagan.

Diyora Keldiyorova tatamidan tushar ekan, Olimpiada chempioni sifatida shunday dedi: “Bu yergacha yetib kelish juda qiyin bo‘ldi va men faqat Olimpiada haqida o‘yladim. Bu o‘ylar nafaqat medal, balki oltin medal haqida edi. Bu men uchun, ota-onam, oilam va barchamiz uchun juda muhim kun. Bu butun jamoaviy medal, bu O‘zbekiston oltinidir”, — deyiladi xabarda.

Matbuot anjumanida Diyora Keldiyorova o‘zi uchun ahamiyatli bo‘lgan yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub etgan davrasi haqida so‘zlab berdi.

“U vazari va shido bilan mendan oldinda edi. O‘shanda menda boshqa yo‘l yo‘qligini aytdim. Yo yutaman, yo oxirigacha borishim kerakligini his qildim. Mana shu narsa menga katta kuch berdi. Abe juda kuchli va tezkor sportchilardan biri, uni hurmat qilaman”, — deya ta’kidladi o‘zbekistonlik sportchi.

dzyudo, диyoра келдиyoроva, париж 2024, спорт

Diyora Keldiyorovaga murabbiyi hurmat bilan ta’zim qilmoqda. Foto: IJF.

Shu bilan birga u mazkur bahs oldidan murabbiyining motivatsiyasini esladi: Abe bilan birinchi yoki ikkinchi, yarim final yoki finalda tushishing mumkin, degan. Senda bittagina yo‘l bor, u ham bo‘lsa, faqat yutish. Orqaga hech qanaqa yo‘ling yo‘q. Bugun shu ishni qildim deb o‘ylayman. Bu murabbiyimning menga bergan katta motivatsiyasi, dedi u.

Diyoraning g‘alabasi O‘zbekistonda ham nishonlandi. Xususan, Samarqand viloyatining Pasdarg‘om tumanida uning oilasi sportchining ishtirokini kuzatib borayotgan edi. Uning onasi “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida qizining yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub etganidan xursandligini aytdi.

dzyudo, диyoра келдиyoроva, париж 2024, спорт

Diyora Keldiyorovaning ota-onasi. Foto: O‘zbekiston 24.

“Abeni yiqitdi. Ana shundan xursandman. Necha yillik mashaqqat bilan Abe, yaponiyalik bilan chiqyapti deyishsa, yuragimni hovuchlab o‘tirdim. Chunki, Abe necha yildan beri birinchilikni bermayotgan edi. Yiqitgandan keyingi his-hayajonimni aytib berolmayman. Prezidentimizga imkoniyatlar yaratib bergani uchun rahmat”, — dedi sportchining onasi Dilorom Sharipova.

dzyudo, диyoра келдиyoроva, париж 2024, спорт

Diyora Keldiyorova Uta Abeni yiqitgan payt. Foto: IJF.

Bundan tashqari, sportchining o‘zi ham davlat rahbariga yaratilgan sharoit uchun minnatdorlik bildirdi.

“Tokio olimpiadasidagi mag‘lubiyatimdan keyin 3 yil uxlamadim desam ham bo‘ladi. (Tokio olimpiadasida u birinchi davradayoq mo‘g‘ilistonlik Sosorbaram Lxagvasurenga yutqazgandi). Mag‘lubiyatimdan juda ham alamda qolgandim. 3 yildan keyin Olimpiadada oltin olib turibman. Hammaga rahmat aytaman. Prezidentimizga cheksiz rahmat, prezidentimiz aytganidek, ayollarga sharoit yaratib bersa, har qanday cho‘qqini zabt eta olishadi. Mana bugun Olimpiya cho‘qqisini zabt etdim”, — deya so‘zini yakunladi Diyora.

Eslatib o‘tamiz, g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oltin medal olgan Diyora bilan telefonda suhbatlashib, uni tabriklagandi.