Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan dzyudochi Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qildi.

“Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida birinchi marta chempion bo‘lgan sportchi qizimizni tarixiy g‘alaba bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

“Diyora qizim, chin qalbimdan, xalqimiz nomidan [tabriklayman]. Mana shunday jasoratli, matonatli, fidoyi qizim borligidan g‘ururlanaman. Kamdan-kam bo‘ladigan g‘alaba bo‘ldi, dunyo qoyil qoldi, O‘zbekiston obro‘sini juda ko‘tardingiz, rahmat qizim. Bugungi g‘alabangiz o‘zbek ayoli, mening sevimli qizlarim nimalarga qodir ekanini yana bir marta dunyoga namoyish etganingiz uchun juda minnatdorman. Bugun, albatta, uy bilan gaplashganda nomimdan ota-onaga katta rahmat, deb qo‘yasiz, qizim. Yangi O‘zbekistonimizga oltin harflar bilan tarixda qoldingiz. Men g‘ururlandim. Mana shunday davom ettirish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bu hali hayotingizda katta-katta g‘alabalarning, shohsupalarning boshlanishi bo‘lishi kerak. Tariximizdagi buyuk bobolarimizga, onalarimizga munosib bo‘lib, jahonda nomingizni qoldirishda qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Lekin mehnat, jasorat o‘zingizdan, qizim. Mana shunday Olimpiada chempioni bo‘lish bu — yangi O‘zbekiston tarixida birinchi marta tarixiy voqea. Shuning uchun, juda katta g‘urur bilan, iftixor bilan mana shunday qizim borligidan faxrlanaman. Sog‘-omon O‘zbekistonda ko‘rishguncha”, — deya ta’kidladi prezident.

Keldiyorova matbuot anjumanida ushbu turnirga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rganini aytdi.

“Har bitta raqibim eng kuchli bo‘lishini bilgandim. Kuchlini yutmaguncha kuchli bo‘lolmasligimni juda ham tushunib turgandim va o‘ylaymanki, mana shu so‘z menga katta yordam berdi. Albatta, ortimda butun O‘zbekiston xalqi, butun O‘zbekiston ayol dzyudochilari turganini his qildim. Muhtaram prezidentimizga O‘zbekistonda ayol sportchilarga qaratilayotgan jahon darajasidagi e’tibor uchun cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman”, — dedi u.

“Oltin” sari yo‘lda Diyora Keldiyorova amaldagi Olimpiya chempioni, besh yildan buyon mag‘lubiyatga uchramagan yaponiyalik Uta Abe, germaniyalik dzyudochi Masha Balxaus, 2020-yilgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori fransiyalik Amandin Byushard va 48 kg gacha vazn toifasida 2020-yilgi Olimpiada chempioni kosovolik Distria Krasnika kabi raqiblari ustidan g‘alaba qozondi.

Bu O‘zbekistonning 2024-yilgi o‘yinlardagi ilk medalidir. Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi hisoblanadi. Bungacha dzyudochilar ikkita kumush (1996-yilda Armen Bagdasarov va 2008-yilda Abdulla Tangriyev), shuningdek, 5 ta bronza (2008, 2012 va 2016-yillarda Rishod Sobirov, 2016-yilda Diyorbek O‘rozboyev va 2020-yilda Davlat Bobonov)ga ega bo‘lishgan.

Shuningdek, u yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida O‘zbekistonda oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi ham bo‘ldi. Bungacha yagona “oltin” ni 1994-yilda qishki Olimpiada o‘yinlarida erkin chang‘ichi Lina Cheryazova qo‘lga kiritgandi.