“Toshkent issiqlik markazi” MCHJga 2,5 mlrd so‘mdan ortiqcha olingan daromadni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qo‘mitaning Toshkent shahridagi hududiy boshqarmasi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” (TIM) faoliyati ustida o‘rganish o‘tkazdi. Unda kompaniyaning 2021−2023-yillar davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) qanday shakllangani va qo‘llanganiga urg‘u qaratildi.

Qayd etilishicha, TIM tabiiy monopoliya subyekti hisoblanib, u ishlab chiqargan issiqlik energiyasi narxlari Toshkent shahri moliya organi tomonidan tasdiqlangan. Unga ko‘ra, har bir Gkal uchun 13,3 metr kub suv sarflanishi belgilangan. Ammo kompaniya tomonidan real xarajatlar o‘rganilganda, me’yor 14,01 metr kubga (+0,71) oshirilgani aniqlangan.

Buning ortidan jamiyat tomonidan 4 million 728 ming 85 metr kub ortiqcha suv sarflangan, oqibatda 2023-yil davomida 2,5 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olingan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan qonunchilik talablari buzilgani alomati bilan TIMga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Natijasi yuzasidan ortiqcha olingan daromadni ixtiyoriy ravishda iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi.