Venesuela Milliy saylov kengashi 28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida mamlakatning amaldagi rahbari Nikolas Maduro g‘alaba qozonganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Muxolifat hokimiyatni soxtakorliklikda ayblab, ovoz berish natijalarini tan olmadi.

Muxolifat hukumat tomonidan nazorat qilinishini aytadigan saylov organiga ko‘ra, Maduro 51 foiz ovoz olgan, birlashgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales esa — 44 foiz. Saylovchilarning 59 foizi ishtirok etdi.

11 yildan beri hokimiyatda qolayotgan Maduro uning g‘olibligi tinchlik va barqarorlikning g‘alabasi ekanini, mamlakat saylov tizimi shaffofligini ta’kidladi.

“Natijalarni yashirib bo‘lmaydi. Mamlakat tinch yo‘l bilan o‘zgarishlarni tanladi”, — deb yozdi Edmundo Gonsales X tarmog‘ida.

Reuters`ning ta’kidlashicha, saylov oldidan o‘tkazilgan so‘rovlar Gonsalesning Maduroga nisbatan katta ustunligini ko‘rsatgandi. Amerikaning Edison Research kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Gonsales 65%, Maduro esa 31% ovoz olishi kutilgandi. Mahalliy Meganalisis Gonsales uchun 65% va Maduro uchun 14% dan sal kamroq ovozni prognoz qilgandi.

Rasmiylar saylovda ishtirok etishiga ruxsat bermagan va o‘rniga Gonsales qatnashgan muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado armiyaga chaqiruv e’lon qildi.

“Men harbiylarga murojaat qilaman. Venesuela xalqi o‘z so‘zini aytdi: ular Maduroni xohlamaydi, — deb yozdi u X`da. — Tarixning to‘g‘ri tomonida turish vaqti keldi. Sizda hozir buni qilish imkoniyati bor”.

Harbiylar har doim 61 yoshli Maduroni qo‘llab-quvvatlab kelgan va bu saylovlar oldidan yuqori martabali harbiy amaldorlar prezidentdan voz kechmoqchi ekani haqida hech qanday alomat yo‘q edi, deya aniqlik kiritadi Reuters.

Maduroning o‘zi ovoz berishdan bir necha kun oldin agar u mag‘lub bo‘lsa, mamlakat “qonli jang"ga duchor bo‘lishidan ogohlantirgandi.

Argentina, Chili, Gvatemala, Urugvay, Peru va Kosta-Rika saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi va kuzatuvchilar nazorati ostida ovozlarni shaffof hisoblashni talab qildi. AQSh e’lon qilingan natijalar “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmasligidan jiddiy xavotir” bildirdi. Yevropa Ittifoqi xalq irodasini hurmat qilishga va saylov jarayonining shaffofligini ta’minlashga chaqirdi.

Kuba, Gonduras va Boliviya hukumati Maduroning g‘alabasini tan oldi va uni qayta saylangani bilan tabrikladi.

  • Nikolas Maduro yana olti yil muddatga ketma-ket uchinchi marta prezidentlik lavozimini egallaydi. U ilk bor 2013-yilda prezident etib saylangandi. Maduro rahbarligida Venesuelaning iqtisodiy ahvoli keskin tushib ketdi va aholining uchdan bir qismi mamlakatni tark etdi. AQSh, YeI va boshqa bir qancha G‘arbiy va Lotin Amerikasi davlatlari 2018-yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng Venesuela hukumatiga qarshi sanksiyalar kiritgan.