28-iyul kuni yaqinda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli lavozimiga tayinlangan Yusup Kabuljanov Rossiyaning Primorsk o‘lkasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Yuriy Melnikov va IIVning hudud bo‘yicha rahbariyati bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Primorsk o‘lkasi ombudsmani bilan muloqotda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik, shuningdek, mazkur hududda vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Konsul Rossiya Ichki ishlar vazirligining Primorsk o‘lkasi rahbariyati bilan O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi masalalari, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlari yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston fuqarolari huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida tegishli organlarda tushuntirish va profilaktika ishlarini olib borish, huquqbuzarliklarini oldini olish uchun o‘zbekistonliklar o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deyiladi xabarda.

Yusup Kabuljanov diplomatiya sohasida 2009-yildan buyon ishlaydi. 2009−2016-yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ikkinchi kotibi, birinchi kotibi, vazirlik huzuridagi “Jahon” (hozirgi “Dunyo”) axborot agentligi direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2016−2018-yillarda Tashqi ishlar vazirligi Madaniy-gumanitar aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, 2018−2021-yillarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) bosh konsuli sifatida faoliyat yuritgan, so‘ng 2023-yilgacha vazirlik matbuot xizmatini boshqargan.