Markaziy bank 31-iyuldan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

AQSh dollari kursi uch savdo sessiyasida qariyb 93 so‘mga pasayib, 12 541,04 so‘mni tashkil qildi. Bu 12-martdan beri minimal ko‘rsatkich (12 534,01 so‘m). Yil boshidan buyon milliy valyuta atigi 1,6 foizga devalvatsiyaga uchradi (butun 2023-yil davomida u 9,7 foizni tashkil etgan).

valyuta kursi, dollar, dollar kursi, so‘m

Seshanba kuni tijorat banklarida dollar 12 480 so‘mdan 12 570 so‘mgacha bo‘lgan kursda qabul qilindi (faqat BRB, “Turonbank”, “Mikrokreditbank” va O‘MBda). Sotish kursi 12 600 so‘mdan (Garant Bank, Apex Bank va “O‘zsanoatqurilishbank”) 12 635 so‘mgacha o‘zgardi.

So‘m kursining mustahkamlanishi jahonda pul o‘tkazmalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi va moliyaviy sharoitlarning yumshashi fonida ro‘y bermoqda.

2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25 foizga oshib, 6,5 milliard dollarni tashkil etdi (ayrim qabul qiluvchilar o‘zlari olgan dollarlarni so‘mga aylantiradi, bu esa milliy valyutaga talabni rag‘batlantiradi).

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov bu mamlakatga valyuta oqimining sezilarli darajada oshishiga olib kelganini va valyuta kursini barqarorlashtirish imkonini berganini ta’kidladi.

“Mazkur ijobiy tendensiyalarning davom etishi hisobiga yil yakunida to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining qisqarishi kutilmoqda”, — dedi u 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Markaziy banklar foiz stavkalarini pasaytiradi degan taxminlar fonida yetakchi global moliyaviy sharoit yumshay boshladi. Bu tadbirkorlar, jumladan, tijorat banklarining tashqi resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini oshiradi. Ya’ni banklar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar nisbatan “arzon” xorijiy valyutadagi kreditlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ularning bir qismini so‘mga aylantirish mumkin, bu esa milliy valyutani mustahkamlaydi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi.To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi.

Bundan tashqari, MB ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 5,3 milliard dollargacha oshgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,6 foizga ko‘p.

Yanvar-iyun oylarida tashqi savdo aylanmasi 8,5 foizga oshib, 31,8 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport 5,5 foizga (23 foizdan) — qariyb 13 milliard dollarga, oltinni hisobga olmaganda esa 10,9 foizga (12,5 foizdan), import o‘sishi 10,6 foizga (17 foizdan) — 18,8 milliard dollargacha sekinlashdi. Shu bilan birga, salbiy savdo balansi 4,7 milliard dollardan 5,8 milliard dollarga oshdi.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, valyuta savdosining pasayishiga davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi ustidan nazorat, import jarayonining murakkablashishi va birjadan tashqari valyuta operatsiyalarining o‘sishi sabab bo‘lishi mumkin.

“Gazeta.uz”ning bank tizimidagi manbasi valyuta savdolari hajmining pasayishiga ushbu uch omil ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tasdiqladi. Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, korxonalar va jismoniy shaxslardan chet el valyutasini yetkazib berish (valyuta sotish) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.

Dollar indeksi joriy yil boshiga nisbatan kuchliligicha qolayotgan bo‘lsa-da, inflyatsiya sekinlashgani sababli AQSh Federal rezervining foiz stavkasini pasaytirish ehtimoli ortib bormoqda, bu esa dollarni o‘tgan oyga nisbatan zaiflashtirmoqda, deb ta’kidladi MB 25-iyuldagi taqdimotida.