Siyosat
Yusup Kabuljanov O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli etib tayinlandi
Yaqinda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli bo‘lgan Yusup Kabuljanov o‘z vazifasini bajarishg kirishdi. U Primorsk o‘lkasi ombudsmani va IIV vakillari bilan uchrashdi, ular bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlarini muhokama qildi.
BMTTDning O‘zbekistondagi yangi doimiy vakili tayinlandi
BMT Taraqqiyot dasturi tizimida 25 yildan ortiq tajribaga ega Akiko Fujii BMTTDning O‘zbekistondagi yangi doimiy vakili etib tayinlandi. U avval Maldiv orollaridagi doimiy vakil hamda Vetnam va Fijidagi ko‘p davlat idorasida doimiy vakil o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi Knauf Gips Buxoro kompaniyasining O‘zbekistondagi ustun mavqeini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi Knauf Gips Buxoro gipsokarton bozorida 40 foizdan ortiq ulush bilan ustun mavqega ega ekanini ma’lum qildi. Endi kompaniya ustun mavqei tan olingan kompaniyalar reyestriga kiritilishi, so‘ngra monopol narxlardan foydalanishning oldini olish bo‘yicha harakatlarni nazorat qilishi kerak.
O‘zbekiston aholisining real daromadlari oshdi, lekin hududlar o‘rtasida farq kattalashdi
Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, aholining real daromadlari 8,6 foizga o‘sdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yuqoridir. Eng boy uchta va eng kambag‘al uchta hudud o‘rtasidagi aholi jon boshiga daromadlar farqi 2,28 baravardan 2,5 barobarga oshdi.
Dollar mart o‘rtalaridan beri eng past darajaga tushdi
AQSh dollari o‘zbek so‘miga nisbatan pasayishda davom etmoqda, u 12-martdan boshlab o‘zining minimal qiymatiga — 12 541 so‘mgacha tushdi. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari, investitsiyalar hajmining o‘sishi va boshqa omillar fonida milliy valyuta mustahkamlanmoqda.
Jamiyat
Samarqandda Cobalt Damas`ga urilib, 3 nafar inson o‘limiga sabab bo‘ldi
Samarqand viloyati Urgut tumanida 21 yoshli haydovchi Cobalt boshqaruvini yo‘qotib, qarshisidan kelayotgan Damas`ga borib urildi. YTH oqibatida Damas mashinasi haydovchisi va ikki yo‘lovchisi halok bo‘ldi. Shuningdek, yana uch kishi jarohat oldi.
Sanepidqo‘mita: Yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlardan zaharlanish holatlari uchramoqda
Sanepidqo‘mita ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoqdan zaharlanish holatlari uchrayotgani haqida ogohlantirdi. Unga ko‘ra, bunday muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkin, mahsulot solingan aksariyat idishlar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi.
O‘zbekistonda o‘quvchilar va bog‘cha bolalarida skrining paytida qanday kasalliklar aniqlandi?
Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov maktab va bog‘chalarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari haqida ma’lumot berdi. O‘quvchilarining deyarli 28 foizida va tarbiyalanuvchilarning 26 foizida turli xil kasalliklar, jumladan, anemiya, asab tizimi kasalliklari va yurak nuqsonlari aniqlangan.
Xorazmda 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
Urganch tumanida 2 mlrd 203 mln so‘mlik 2 mln 446 ming kVt soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi rahbari aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
O‘zbekiston fuqaroligini pullagan IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining sobiq boshlig‘i 7 yilga qamaldi
Toshkent shahrida IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining sobiq boshlig‘i va uning sherigi chet el fuqarolariga pul evaziga noqonuniy ravishda ID karta va xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirib kelgani aniqlandi. Ular 7 va 5 yilga qamaldi.
Shohimardondagi “Oq-qiya” bojxona punkti endi 24 soat ishlaydi
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirishdagi “Oq-qiya” bojxona punkti 24 soat ish rejimiga o‘tkazildi.
Ombudsman mehnat qulligidan qochgan ayolni Rossiyadan qaytarishga yordam berdi
Ombudsman idorasi mehnat qulligidan qochgan ayolning O‘zbekistonga qaytishiga yordam berdi. Yil boshida uni aldov yo‘li bilan Rossiyaga olib ketishgan, pasportini olib qo‘yishgan va dalada majburlab ishlatishgan.
Farg‘onada o‘quvchini ro‘mol o‘ragani uchun urgan maktab direktori jarimaga tortildi
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi maktab direktori ro‘mol o‘rab kelgan 7-sinf o‘quvchisini kaltaklab, haqorat qilgandi. U MJTKning 2 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, BHM 10 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
“Onasini emsin — so‘kinish emas, shifokorlar tavsiyasi”
Toshkentda kun davomida LED ekranlarda “Onasini emsin” iborasi aks etdi va bu shaharliklarni shoshirib qo‘ydi. Bu Butunjahon emizish haftaligi (1−7-avgust) uchun axborot kampaniyasining bir qismi edi. Tashabbuskorlar bu iboraning “asl ma’no"sini qaytarishga qaror qildi.
Avgust oyida O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘ladi?
“O‘zgidromet” sinoptiklari avgust oyi ob-havosi uchun dastlabki prognozini tayyorladi. Oy issiq havo bilan boshlanadi, keyinchalik jazirama biroz pasayadi. Ilk o‘n kunlikda kunduzgi harorat +36…+39 darajada bo‘ladi. Avgust oyi quruq keladi, uchinchi o‘n kunlikda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Sport
Parij-2024: Bugun yana 4 nafar bokschi o‘z yurishini boshlaydi
Parij Olimpiadasining 4-kunida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta sport turida ishtirok etadi. Sharofiddin Boltaboyev dzyudo, Anna Prakaten esa akademik eshkak eshish bo‘yicha bahslarga kirishadi. Shuningdek, 4 nafar bokschi o‘z yurishini boshlaydi. Futbolchilar esa Dominikanga qarshi o‘ynaydi.
O‘zbekiston futbolchilari Olimpiadada Dominikan bilan durang o‘ynadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Parij Olimpiadasidagi so‘nggi uchrashuvida Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynadi (video, statistika).
Jahon
AQSh noqonuniy migratsiyaga yordam bergan turoperatorlarga viza cheklovlarini joriy etadi
AQSh Davlat departamenti noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashuvchi sayyohlik agentliklari va turoperatorlari rahbarlariga nisbatan viza cheklovlari joriy etilishini e’lon qildi.
Venesuelada prezidentlik saylovlaridan keyin norozilik namoyishlari boshlandi
Venesuelaning amaldagi rahbari Nikolas Maduro g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Karakas va mamlakatning boshqa shaharlarida minglab odamlar namoyishga chiqdi. U 2013-yildan buyon shu lavozimda qolmoqda.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!