Jizzax viloyatida fuqaro Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning mintaqaviy vakiliga aldov yo‘li bilan Rossiyaga ishlash uchun olib ketilgan singlisini O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘rab, murojaat qildi, deb xabar qildi ombudsman matbuot xizmati.

Murojaatchi 2024-yilning yanvar oyida singlisi F.S.ni fuqaro D.O. aldov yo‘li bilan Rossiyaga olib ketganini qayd etgan. U qizni pasportini ro‘yxatga qo‘yish vaji bilan olib qo‘yib, 5 oy davomida katta dalada majburlab ishlatgan.

So‘ng singlisi Samara shahriga qochishga muvaffaq bo‘lgan, ammo vataniga qaytib kelishga imkon topolmagan.

Mazkur murojaat darhol ombudsman nazoratiga olinib, “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti Jizzax viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganilgan.

Fuqaro F.S. 27-iyul kuni O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan va hozirda u oilasi bag‘rida, deyiladi xabarda.