Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Knauf Gips Buxoro kompaniyasini bozorda ustun mavqega ega kompaniya sifatida tan oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘mita gipsokarton mahsulotini ishlab chiqarish va sotish bozorini tahlil qilib, kompaniyaning ulushi 40 foizdan oshganini aniqladi.

Shundan kelib chiqib, Knauf Gips Buxoro “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan ustun mavqega ega deb topildi.

Knauf Gips Buxoro 2006-yil iyul oyida tashkil etilgan. Ta’sischilari Knauf International Gmbh (75%) va Deg — Deutsche Investitions Und Entwicklungsgesellschaft MbH (DFI moliyaviy rivojlanish instituti va KfW Group nemis banki shu’ba korxonasi) hisoblanadi.

2023-yilning dekabr oyida Raqobat qo‘mitasi Yandex Go`ni taksi agregatorlari bozorida 86,3 foiz ulush bilan O‘zbekistonda ustun mavqe ega bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Hozirda ushbu reyestrda 94 ta kompaniya mavjud. Yaqinda qo‘mita “Lukoyl” shu’ba korxonasi va “Navoiyazot”dan monopol mahsulotlarni sotish tartibini buzgani sababli asossiz daromadlarni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ma’lumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat. Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.

Hozirda ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya mahsulot yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilishi kerak.

Reyestrga kiritilgan korxonalar monopoliyaga qarshi yuqori yoki monopolistik past narxlardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha harakatlarini nazorat qilish maqsadida har chorakda monopoliyaga qarshi organga o‘zlari reyestrga kiritilgan xizmatlar turiga qo‘llaniladigan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadilar.