Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ko‘chalarda antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bugungi kunda muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu sababli, doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi.

Agar issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, uni qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoq tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi, deydi mutaxassislar.

Qo‘mitaning qayt etishicha, hozirda yo‘l-yo‘lakay ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda. Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli, ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap.

Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan iste’molchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas, deyiladi xabarda.

Qo‘mita zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini o‘tkazgan. Xususan, mahsulotlardan nazorat tahlili olinganda ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlangan. Ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.

Ko‘chadan muzqaymoq olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak?

Qayd etilishicha, yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas.

Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur, deyiladi xabarda.

Muzqaymoq asab va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir. Avvalo sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan o‘tib, ma’lumotnomaga ega bo‘lganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi — shularga diqqat qaratish kerak.

Qo‘mita muzqaymoq tayyorlaganda zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qat’iy bajarish kerakligini ham eslatib o‘tdi.

Avvalroq qo‘mita yo‘l yoqasidagi chodirlarda sotilayotgan poliz mahsulotlari va mevalarni sotib olmaslikka chaqirgandi. Qo‘mitaga ko‘ra, avtomobil yo‘llari yonidagi mahsulotlar avtotransport vositalarining chiqindilaridan toksik moddalarni o‘ziga o‘zlashtiradi. Bu esa sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.