Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida dars vaqtida ro‘molini yechishni istamagan o‘quvchi qizni kaltaklagan maktab direktoriga chora ko‘rildi, deb xabar berdi bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Avval xabar berganimizdek, holat 17-may kuni xorijiy tillarga ixtisoslashgan davlat umumta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. N.M. (qiz bola, 2010-yilda tug‘ilgan) sinfdosh o‘rtog‘i X.X. (o‘g‘il bola) bilan og‘zaki tortishgan, biroz vaqt o‘tganidan so‘ng sinfxonaga maktab direktori R.Q. (ayol) kirib kelgan, algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan.

Maktab direktori qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashgani, maktabga nega diniy libos — ro‘mol o‘rab kelganini so‘rab, ro‘molni yechishni aytgan. Qiz unga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgan.

Surayyo Rahmonovaning yozishicha, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish materiallari jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tumani sudida ko‘rib chiqildi. 27-may kuni maktab direktori R.Q. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish) hamda 52-moddasi 2-qismi (Yengil tan jarohati yetkazish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan BHMning 10 barobari (3,4 million so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.