Shohimardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti endi tunu kun ishlaydi, deb xabar qildi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

26-iyulidan boshlab Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshgan.

“Endilikda Shohimardonga dam olgani borayotgan fuqarolar ushbu bojxona obyektlari orqali istalgan vaqtda harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Umid qilamizki, ushbu yangilik mamlakatimizda ichki va tashqi turizmning rivojlanishiga o‘ziga xos turtki beradi”, — deyiladi xabarda.