Turkiya parlamenti hayvonlar huquqlari faollarining noroziligiga qaramay, qarovsiz itlarni tutish va ularni boshpanalarga joylashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Muxolifat Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga va’da berdi, deb xabar bermoqda Reuters.

275 nafar deputat hujjatni yoqlab, 224 nafari qarshi ovoz berdi. Qonun hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi tomonidan tayyorlangan.

Agentlikning qayd etishicha, Turkiyada to‘rt millionga yaqin qarovsiz itlar mavjud. Yangi qoidalarga ko‘ra, tajovuzkor xulq-atvorga ega yoki kasalligini davolab bo‘lmaydigan itlar evtanaziya qilinadi. Qonunga qarshilar bu itlar evtanaziyasining ko‘payishiga olib keladi, deb hisoblamoqda.

“Qonun loyihasi konstitutsiyaga yaqqol zid va yashash huquqini himoya qilmaydi”, — dedi Turkiyaning muxolifatdagi Xalq-respublika partiyasi rahbari Ozgyur Ozel. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar munitsipalitetlarida shuncha ko‘p itni ko‘chadan olib ketishga yetarli mablag‘ yo‘q.

“Biz ko‘proq boshpana qurish, emlash, sterilizatsiya qilish va „asrab olish“ bo‘yicha bizdan talab qilinadiganidan ko‘proq narsani qilamiz, ammo bu yukni munitsipalitetlar ega bo‘lgan vakolatlar bilan to‘liq qondirish mumkin emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Qonunda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 105 ming it sig‘imiga ega 322 ta hayvonlar boshpanasi mavjud. Bu boshpanasiz hayvonlar sonini kamaytirish uchun zarur bo‘lgan raqamdan ancha kam, deb yozdi Reuters.

Qonun barcha munitsipalitetlarni 2028-yil oxirigacha yillik budjetining kamida 0,3 foizini hayvonlarni reabilitatsiya qilish va boshpanalarni qurish yoki ta’mirlash uchun sarflashni talab qiladi. Vazifalarini bajarmagan munitsipalitet xodimlari 6 oydan 2 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi, uy hayvonlarini tashlab ketganlar uchun ma’muriy jarima esa 2000 liradan (60 dollar) 60 ming liraga (1800 dollar) oshiriladi, deya aniqlik kiritdi Anadolu.

So‘nggi bir necha hafta ichida Turkiya shaharlari bo‘ylab qonunga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar “Siz ularni o‘ldira olmaysiz” va “Qonunni bekor qiling” yozuvlarini ko‘tardi.

Endilikda qonunni imzolashi kerak bo‘lgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an hujjatni qo‘llab-quvvatlab, mamlakatda “uysiz itlar muammosi” borligini aytdi, deb yozdi AP.

Rasmiylar qonun itlarning ommaviy otilishiga olib kelishini inkor etmoqda. Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch o‘tgan hafta qarovsiz hayvonlarni “sababsiz” o‘ldirgan har bir kishi jazolanishini aytdi.