Surxondaryo viloyati Denov tumanida Markaziy Osiyo cho‘l toshbaqasiga nos chektirgan huquqbuzarlarga jarima belgilandi, deb xabar beradi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan viloyat ekologiya va ichki ishlar boshqarmalari, shuningdek, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida ushbu holat Yangikuch mahallasida yashovchi fuqarolar H.N. va M.N. tomonidan aprel oyida sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. H. N. ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasiga joylash uchun mahallasidagi dashtlikdan toshbaqani ushlab, nos chektirgan.

Holat yuzasidan ikki nafar fuqaroning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) asosan BHMning 3 barobari (1 million 20 ming so‘m) miqdorida jarima belgilandi.

Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qat’iyan taqiqlanganini eslatib, bu qonunga binoan keskin javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidladi.