Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlarining guruh bosqichidagi uchinchi — so‘nggi uchrashuvida Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynadi. 30-iyul kuni Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Bosh murabbiy Timur Kapadze ikkinchi tarkibni maydonga tushirib, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Jasur Jaloliddinov va darvozabon Abduvohid Ne’matovni zaxirada qoldirdi.
Ikkinchi bo‘limning 51-daqiqasida dominikanliklar hisobni ochdi. Qanot himoyachisi Rafael Nunes penaltini a’lo darajada bajardi.
58-daqiqada O‘zbekiston terma jamoasi hujumchi Alisher Odilovning goli evaziga hisobni tenglashtirdi.
Parallel o‘yinda Misr terma jamoasi Ispaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi va 7 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Ispaniya 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Dominikan Respublikasi 2 ochkoga ega chiqdi, O‘zbekiston esa — 1.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tarixda ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Dastlabki ikki uchrashuvda Timur Kapadze shogirdlari Ispaniya (1:2) va Misr (0:1) termalariga imkoniyatni boy berib, turnirning chorak finaliga chiqish uchun barcha imkoniyatlardan mahrum bo‘lgandi.