Venesuela poytaxti Karakas va mamlakatning boshqa shaharlarida amaldagi prezident Nikolas Maduroni qo‘lga kiritgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng norozilik namoyishlari boshlandi, deb xabar бермоқда CNN.

Namoyishlar 29-iyul kuni kechqurun boshlangan. Reuters ma’lum qilishicha, ko‘plab namoyishchilar Lotin Amerikasidagi an’anaviy norozilik shakli bo‘lgan “kaserolazo” namoyishlarini uyushtirdilar, unda ishtirokchilar qozon va tovalarni urib, shovqin soladi.

“Men oltinni xohlamayman, men CLAPni [hukumatning oziq-ovqat yordami dasturini] xohlamayman, Nikolas [Maduro] ketishini xohlayman”, — deb hayqirishdi namoyishchilar.

Minglab odamlar Karakas markaziga to‘planishdi, ularning ba’zilari poytaxt atrofidagi tog‘larda joylashgan xarobalardan prezident saroyigacha bir necha kilometr piyoda yurib kelishdi, deb yozdi BBC News. Namoyishchilar Maduroning portretlari, shinalar, mashinalar va chiqindilarni yoqib yuborishdi.

Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan.

Umuman olganda, Venesuela ijtimoiy mojarolar observatoriyasi 20 shtatda 187 ta norozilik namoyishini qayd etgan.

  • Venesuelada prezidentlik saylovlari 28-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Milliy saylov kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Maduro 51 foiz ovoz olgan, birlashgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales esa 44 foiz ovoz olgan.
  • Muxolifat hokimiyatni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblab, ularning nomzodi Madurodan ikki baravar ko‘p ovoz to‘plagan holda ishonchli g‘alaba qozonganini aytdi. Saylovdan oldingi so‘rovlar ham Gonsalesning g‘alabasini bashorat qilgan edi.
  • Lotin Amerikasining qator davlatlari, jumladan Argentina, Peru, Urugvay va Chili saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. AQSh e’lon qilingan natijalar “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmasligidan” “jiddiy xavotir” bildirdi. Yevropa Ittifoqi saylov jarayonida shaffoflikka chaqirdi.
  • 2013-yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Maduro o‘zining g‘alabasi tinchlik va barqarorlik bayrami ekanini, mamlakat saylov tizimi shaffof ekanini aytdi. Bu muddat uning uchinchi muddati bo‘ladi. Venesuelada prezident olti yilga saylanadi.