Dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova “Sport” telekanaliga bergan intervyusida yaponiyalik Uta Abe bilan jangi, mag‘lubiyatga munosabati va Olimpiadaning sportchilar uchun ahamiyati haqida gapirdi.

“Jamoamizdagi hamma qur’asini tomosha qilishni yoqtirmaydi. Kimdir tomosha qiladi, kimdir o‘sha kuni tatamida qizishga kelgan payti ko‘radi. Murabbiylarim raqibimni bilishardi, lekin aytishmadi, ko‘rsatishmadi. Birinchi davra jadvalini ko‘rganimda, Abe va kanadalik [Kelli Deguchi] qiz edi. Shunda birinchi jangim Uta Abega qarshi bo‘lishini darhol anglagandim”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u ikki oy oldin jahon chempionatida yaponiyalik raqibiga qarshi jangga tayyor bo‘lgan.

dzyudo, дiёра keldiёроva, олiмпiада, парiж 2024

Uta Abe bir nechta IJF “Katta dubulg‘a” turnirlari va 2024-yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yubordi va u Olimpiya o‘yinlari reytingida to‘qqizinchi o‘rinni egallab, qur’aning birinchi yarmida qoldi. U ikkinchi jangida jahon reytingi yetakchisi va so‘nggi ikki jahon chempionati kumush medali sovrindori Diyora Keldiyorovaga qarshi tatamiga chiqishiga to‘g‘ri keldi.

“Mening murabbiyim Marko Shpitka kelib, Abe sakkiztalikdan [jahon reytingidan] chiqib ketsa, birinchi, ikkinchi, uchinchi uchrashuvdagi yoki finaldagi raqibim Abe bo‘lishi mumkinligini aytdi. U men hamma narsaga tayyor bo‘lishim kerakligini, hatto u bilan birinchi bosqichdayoq jang qilishim mumkinligini aytdi. Boshqa yo‘ling yo‘q, faqat yutishing kerak, degan. Tablodagi nomlarni ko‘rib, hech qanday qo‘rquv va stressiz qabul qildim, chunki biz buning ustida ishlaganmiz, har kuni tahlil qilganmiz. To‘g‘risi, biz taktika ustida ko‘p ishladik va bu Olimpiadada ham ishladi. Juda ham xursandman”, — dedi o‘zbekistonlik sportchi.

Foto: Anvar Ilyasov / FacebookFoto: Anvar Ilyasov / Facebook

Keldiyorova jangdan keyin Uta Abening mag‘lubiyatga reaksiyasini to‘liq ko‘rmaganini aytdi. Yaponiyalik dzyudochi mag‘lubiyatidan so‘ng yig‘lab yubordi va yuzini gilamga qo‘ygan holda yotdi. Murabbiy unga tasalli bermoqchi bo‘lganida, u o‘rnidan turib yig‘lashda davom etdi.

“Musobaqa paytida men buni ko‘rmadim, chunki men barcha his-tuyg‘ularni o‘chirib, o‘zimga e’tibor qaratgandim. Bir oz ko‘rdim va zaldan chiqib ketdim. Kechqurun finaldan keyin men bularning barchasini ko‘rdim… Albatta, bu sport, hech kim [yutqazishni] yoqtirmaydi. Agar uni o‘rnida men ham shunaqa kirib xonamda yig‘lardim. Chunki biz bu sportga ko‘p kuch va mehnat sarflab, hayotimizni berganmiz. Ertalabdan kechgacha faqat mashg‘ulot, shaxsiy hayotni unutasiz. Hammasi faqat mana shu Olimpiadada oltin medal olish uchun. Sizda oltin medal bo‘lmasa… Uning o‘rnida bo‘lganimda men ham shunaqa yig‘lardim”, — dedi Diyora Keldiyorova.

Olimpiya chempioni, shuningdek, Yaponiyadagi (dzyudoning vatani) o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini uni yanada kuchliroq qilganini ta’kidladi. Chunki “Yaponiyada mashg‘ulotlar qiyin, yapon dzyudochilari raqiblarini ayamaydi va ular 150 foiz kurashadi”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uta Abe va uning murabbiyi Keldiyorova bilan bo‘lgan jang haqida fikr bildirgandi.

Diyora Keldiyorovaning “oltin”i O‘zbekistonning 2024-yilgi O‘yinlar kolleksiyasidagi ilk medali bo‘ldi. U O‘zbekiston tarixida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchi bo‘ldi. Bungacha dzyudochilar ikkita kumush (1996-yilda Armen Bagdasarov va 2008-yilda Abdulla Tangriyev), shuningdek, beshta bronza medalini (2008, 2012 va 2016-yillarda Rishod Sobirov, 2016-yilda Diyorbek O‘rozboyev va 2020-yilda Davlat Bobonov) qo‘lga kiritgan edi.

Keldiyorova, shuningdek, yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik ayollar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi sportchidir. Bungacha yagona “oltin” ni 1994-yilda qishki Olimpiada o‘yinlarida fristaylchi Lina Cheryazova qo‘lga kiritgan edi. Oxirgi marta O‘zbekiston vakilasi 2008-yil Pekin Olimpiadasida gimnast Yekaterina Xilko shohsupaga ko‘tarilgan edi.