“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi yaqin kunlarda elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarda uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Yangi HET Billing dasturiy majmuasi ishga tushirilishi munosabati bilan 31-iyul soat 23:50 dan 5-avgust 22:00 gacha Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktika ishlari olib boriladi.

Mazkur vaqtda shaxsiy hisob raqamdagi ma’lumotlarni olishda uzilishlar ham bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ushbu davrda “qulaylik yaratish” maqsadida qarzi bor iste’molchilar avtomatik ravishda elektr energiyasidan uzilmaydi, deya aniqlik kiritdi “HET”.

Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev 1-avgustdan boshlab O‘zbekistonda aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasini hisobga olishning yangi billing tizimi joriy etilishi haqida ma’lum qilgandi. Tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilib, u orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin bo‘ladi.

Aslida yangi billing tizimini ishlab chiqish va joriy etish 2022−2023-yillarga rejalashtirilgan edi. “HET” 2022-yilda buning uchun 13 million dollar sarflagan.

Hukumatning 2017-yil 14-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda 2020-yil oxirigacha kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob tizimini yaratish rejalashtirilgandi. 2021-yilda ekspertlar yagona billing tizimini joriy etishdagi muammolarni muhokama qilgan, biroq u shu kungacha yaratilmagan.