Yaponiyada guruch zaxiralari sayyohlar oqimi va hosilning pastligi tufayli so‘nggi o‘nyilliklardagi eng past darajaga tushdi, deb yozadi The Guardian.

Yaponiya Qishloq, o‘rmon va baliqchilik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy sektor guruch zaxiralari iyun oyida 1,56 million tonnagacha qisqargan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga kam. Bu 1999-yil, ya’ni rasmiylar qiyosiy ma’lumotlarni yig‘ishni boshlagan paytdan beri eng past ko‘rsatkich.

Tashkilot pasayishni 2023-yilda guruch maydonlariga zarba bergan yuqori harorat, suv tanqisligi, shuningdek, mamlakatga kelayotgan sayyohlar talabi bilan bog‘ladi.

O‘tgan yil davomida Yaponiyada guruch iste’moli yetti million tonnagacha oshdi, bu avvalgi yilga nisbatan 100 ming tonnaga ko‘p. Xuddi shu davrda sayyohlar soni ham ortdi: 2024-yilning birinchi yarmida Yaponiyaga 17,78 million mehmon tashrif buyurdi, bu pandemiyadan oldingi davrga nisbatan 1 million kishiga ko‘p.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, kuniga ikki marta guruch iste’mol qilgan sayyohlar talabning 51 ming tonnaga o‘sishiga hissa qo‘shgan, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,7 barobar ko‘p.

Tanqislik sharoitida guruch narxi 30 yildagi eng yuqori darajaga yetdi, deya qayd etadi nashr. Ulgurji sotuvchilarda zaxiralar tugamoqda, ayrim supermarketlar esa sotib olish hajmini cheklash uchun narxlarni oshirmoqda. Bu holat sentabr oyida bu yilgi hosil bozorga tushgunga qadar davom etishi kutilmoqda.