Beshta gugurt ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari sifatsiz ekanligi aniqlandi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qo‘mitaga savdo tarmoqlarida sifatsiz gugurt mahsulotlari sotilayotgani yuzasidan kelib tushgan murojaatlarga asosan nazorat xaridlari tashkil etilgan. Bu uchun beshta savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari tanlab olinib, ularning namunalari GOST 1820–2001 standarti talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

Jumladan, namunalarda minimal gugurt cho‘pi soni 11−17 donaga kam bo‘lgan. Buning ortidan Up-Match MCHJ (Jeep) 150 million so‘mlik mahsulot sotib, iste’molchilardan 44 mln 700 ming so‘m ortiqcha mablag‘ olgan. Atlas-Invest esa 66,5 million so‘mlik gugurt sotgan va olingan ortiqcha mablag‘ 20,5 million so‘mni tashkil etgan.

Raqobat qo‘mitasi mazkur MCHJlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berdi. “Ko‘rsatma talablari o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlandi. ya’ni sifatsiz gugurt mahsulotlari savdo rastalaridan olindi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish yoki gugurtlarni sifatlisiga almashtirish chora-tadbirlari ham belgilandi.

Bundan tashqari, sifatsiz chiqqan Avion, “Fesko” va Viktory savdo belgilari ostidagi gugurtlar xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgani aniqlandi. Hozirda ularga nisbatan ham belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda, deb yozdi qo‘mita.

Ma’lumot o‘rnida, GOST 1820–2001 standarti talablari bo‘yicha 4 (2/3) formatdagi gugurtlarning alohida qutilarda eng ko‘p to‘ldirilishi 40 dan 60 donagachani tashkil etishi, eng kam to‘ldirilishi esa 37 dan 52 donagacha bo‘lishi shart.