Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning qizi Kim Ju Eyni otasining vorisi sifatida tayyorlash boshlandi, deb xabar bermoqda Bloomberg va Yonhap agentliklari Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NRS) ma’lumotlariga tayanib.

29-iyul kuni NRS yopiq yig‘ilishda parlamentning razvedka qo‘mitasiga Shimoliy Koreyadagi vaziyat bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Shundan so‘ng ikki deputat matbuot anjumani o‘tkazdi va uning mazmuni haqida jurnalistlarga qisman ma’lumot berdi.

Razvedka xizmati Kim Ju Eyning omma oldida chiqishlari chastotasi va unga murojaat qilish usullari tahlili asosida otasining o‘rniga nomzod, degan xulosaga keldi.

NRS ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Ju Ey jamoat faoliyatining taxminan 60 foizida otasiga harbiy va iqtisodiy tadbirlarda hamroh bo‘lgan.

Razvedka tahlilchilari unga murojaat qilinayotganda “yo‘lboshchi” degan ma’noni anglatuvchi “xyando” so‘zi qo‘llanganini ham ta’kidladi, ammo bu Shimoliy Koreyada “inqilobiy kurashda oldinga yo‘lni yorituvchi” degan ma’noni anglatadi va rahbarlar yoki ularning vorislariga murojaat qilish uchun ishlatiladi.

“Ular [Shimoliy Koreya rasmiylari] tashviqot darajasi va uning paydo bo‘lish chastotasini jamoatchilikning bunga munosabatini hisobga olgan holda o‘zgartirmoqda”, — dedi hukmron Xalq kuchi partiyasi deputati Li Son Kvon matbuotga.

Kim Ju Ey ommaga birinchi bor 2022-yilning noyabr oyida otasi bilan yangi qit’alararo ballistik “Xvason-17” raketasini sinovdan o‘tkazayotganda oq qishki palto kiygan holatda ko‘rinish bergandi. O‘shandan beri u Kim Chen In bilan barcha muhim tadbirlarda doimiy ishtirok etib keladi.

Janubiy Koreya razvedkasi Kim Ju Ey taxminan 11 yoshda va Kim va uning rafiqasi Li Sol Juning uch farzandidan ikkinchisi deb hisoblaydi. 2023-yil fevral oyida Kim Ju Ey ota-onasi bilan Koreya xalq armiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali ziyofatda ishtirok etgan va KXDR harbiylarining eng nufuzli vakillari bilan suratga tushgandi.

Bloomberg`ning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya yetakchisining boshqa hech bir farzandi bunchalik erta yoshda ko‘rsatilmagan va Kim Ju Eyning paydo bo‘lishi Shimoliy Koreya yetakchilarining farzandlarini ular davlat apparatining bir qismi bo‘lguniga qadar jamoatchilik e’tiboridan chetda tutish an’anasini buzgan.

Biroq NRS voris bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagani va Kim Chen In boshqa farzandini ham vorislikka tanlashi mumkinligini istisno qilmadi.

Shimoliy Koreya yetakchisi hozir 40 yoshda va o‘nlab yillar davomida hokimiyat tepasida bo‘lishi mumkin, biroq NRS Kimda chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qilish tufayli ortiqcha vazn va yurak xastaligi xavfi yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Uning vazni 140 kg ga baholanmoqda. Janubiy Koreya razvedkasi Kim 30 yoshida gipertoniya va qandli diabet alomatlarini ko‘rsata boshlaganini taxmin qilmoqda.

  • KXDR 1948-yilda tashkil topgan. O‘shandan beri mamlakatni erkaklar — Kimlarning uch avlodi boshqarib kelmoqda. Bi-bi-si rus xizmatining yozishicha, katta ehtimol, Kim Chen In o‘z qizini shunday erta yoshda ommaga taqdim etish orqali u mamlakatni boshqarguncha hamma unga ko‘nikib qolishini kutmoqda.