Parij Olimpiadasida qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoa a’zosi, bokschi Hasanboy Do‘smatov 1/16 bosqichdagi ilk jangidan muvaffaqqiyatli o‘tdi. Sportchi 3-avgust kuni chorak finalda qozog‘istonlik Saken Bibossinovga qarshi o‘tadigan jangdan oldin o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. Bu haqda Sport TV`ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida video joylandi.

Hasanboy Do‘smatov qozog‘istonlik raqibi bilan tanish ekani, u bilan ko‘p marta ringda to‘qnash kelganini aytdi.

“Bir-birimiz bilan [ringda] juda ko‘p tushganmiz. Kim kuchli, kim yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, kim aqlliroq bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Saken bilan tanishmiz. Bo‘lajak jangni murabbiylarimiz bilan analiz qilamiz. Unga boshqatdan taktika qo‘yamiz. Hammasi ringda aniq bo‘ladi”, — dedi 31 yoshli Hasanboy Do‘smatov.

Uning aytishicha, bu avvalgi janglardan farq qilishi ham mumkin. Chunki Saken hozir yaxshi formada, men ham, bu O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun juda zo‘r jang bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi sportchi.

Qozog‘iston vakili Saken Bibossinov hozir 27 yoshda. U Tokioda o‘tgan Olipiya o‘yinlarida 52 kg vazn toifasida 3-o‘rinni egallagandi. Hasanboy Do‘smatov esa 2016-yilgi 31-yozgi olimpiya o‘yinlarida eng yengil vazn toifasidagi bahslarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.