Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze 30-iyul kuni Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynaganidan so‘ng, 2024-yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlaridagi natijalarini sarhisob qildi.

“Birinchi navbatda bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimiz va xalqimizga rahmat aytaman. Jamoa va o‘zimning nomimdan uzr so‘rayman. Birinchi o‘yinda ham, ikkinchi uchrashuvda ham tomoshabinlarni xursand qilishga harakat qildik. Bugun ham g‘alaba qozonishga harakat qildik, afsuski, nasib bo‘lmadi. Qayerdadir omad, qayerdadir mahorat, tajriba yetishmadi. O‘ziga yarasha qandaydir kamchiliklar to‘sqinlik qildi. Keyingi safar o‘yinimiz bilan albatta xursand qilamiz”, — dedi murabbiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston OTJning Olimpiadaga chiqishi katta yutuq bo‘lgan, biroq jamoa turnirni qandaydir yutuq bilan tark etishni xohlagan.

“Lekin, umuman olganda, keldik, havosini ko‘rdik, tajriba yig‘dik. Har uchala o‘yinda kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi, ba’zi joylarda yaxshi lahzalar ham kuzatildi. Biz bundan xulosa chiqarib, yana ham kuchli bo‘lamiz”, — dedi u.

Timur Kapadze tayyorgarlik bilan bog‘liq noqulayliklarni ham aytib o‘tdi. Jamoa birinchi o‘yinini Parijda o‘tkazdi va keyin Nantga (Fransiya poytaxtidan deyarli 400 km uzoqlikda) yo‘l oldi va uchinchi o‘yin uchun yana Parijga qaytdi.

“Biz birinchi uchrashuvni o‘tkazdik, ertasi kuni tayyorgarlikning o‘rniga yo‘lga chiqdik. Bir kun yo‘qotdik. U yerda ham qiyin uchrashuv bo‘ldi, o‘zi bu yerda oson o‘yin bo‘lmadi. Misr bilan o‘yinning ertasiga yana yo‘lga chiqdik — tiklanish o‘rniga yana yo‘lda bo‘ldik”, — dedi mutaxassis.

Bosh murabbiyning fikricha, “jamoa ko‘proq narsaga loyiq edi”.

“Biz bundan ham ko‘piga loyiq edik va kuchimiz yetardi — buni uchala o‘yin ham ko‘rsatdi. Qandaydir epizodlar hal qildi, qayerdadir o‘zimizning xatolar hal qildi, qayerdadir yaxshi imkoniyatlardan foydalana olmadik. Ehtimol, mahorat, omad yoki tajriba yetishmadi. Bu turnir biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Futbolchilar, shaxsan men, murabbiylar shtabi bu o‘yinlarni ko‘rib ancha o‘sdi… Agar yana bunaqa vaziyatga tushsak, ancha tajribali va qanday harakat qilishni biladigan bo‘lamiz”, — deya xulosa qildi Timur Kapadze.

Abbosbek Fayzullayev (chapda).Abbosbek Fayzullayev (chapda).

Yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev jamoani qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.

“Bu juda muhim turnir edi, biz buni juda ko‘p kutdik va yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Qaysidir joylarda omad, qaysidir joylarda tajriba yetishmadi. Bunday o‘yinlarda hamma narsani bir lahza hal qiladi, shuning uchun 90 daqiqa davomida konsentratsiyani yo‘qotmay turish kerak”, — dedi u.

Unga ko‘ra, katta yoshli futbolchilar (Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulov) U-23 terma jamoasiga yaxshi qo‘shilib ketdi. “Ammo ular biz bilan uzoq vaqt bo‘lishmagan. 7−10 kunlik tayyorgarlik… ularga ham qiyin, ularni ham tushunsa bo‘ladi. Chunki boshqa tizimdagi futboldan keyin bu yerga moslashish qiyin, lekin ular harakat qilishdi. Baribir ularga tayyorgarlik ko‘rishga ozgina vaqt yetishmadi… Lekin hamma jonini berdi, hech kim bu yerga mag‘lub bo‘lish va guruhda qolish uchun kelmaydi. Menimcha, muxlislar ham buni to‘g‘ri tushunishadi. Biz o‘zbek futboli uchun tarix yaratdik, burilish yasadik. Muxlislar bizni bundan oldin ham qo‘llab-quvvatlashdi, umid qilamanki, bundan keyin ham haqiqiy muxlislar bizni qo‘llashda davom etadilar. Keyingi maqsad jahon chempionatiga chiqish”, — deydi futbolchi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston “S” guruhida Ispaniya (1:2) hamda Misrga (0:1) mag‘lub bo‘ldi, Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynadi (1:1) va turnirni so‘nggi o‘rinda yakunladi.