31-iyul, chorshanba kuni O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari YouTube xizmatining ishlashi yomonlashgani va ayrim videolar sekin yuklanayotgani haqida xabar berdi.

“Gazeta.uz” izoh uchun bog‘langan Raqamli texnologiyalar vazirligi (RTV) matbuot xizmati YouTube “odatiy rejimda” ishlayotgani va “uning O‘zbekistonda ishlashi sekinlashmayotganini” ma’lum qildi.

RTV matbuot kotibi Sherzod Axmatovning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda Rossiya OAVlari yozayotgan Rossiyada videohosting tezligining sekinlashgani bilan bog‘liq vaziyat “O‘zbekistonga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”.

“Agar bir mamlakatda YouTube sekinlashsa, magistral tarmoq o‘chirilgan bo‘lsa ham, bu O‘zbekistonga hech qanday ta’sir qilmaydi. Bu boshqa onlayn xizmatlarga ham tegishli. Mamlakat bir davlatga bog‘lanmagan va internetni bir nechta davlatdan sotib oladi”, — deb tushuntirdi RTV matbuot xizmati rahbari.

Shuningdek, u YouTube`ga egalik qiluvchi Google`da keshlash serverlari mavjudligiga e’tibor qaratdi.

26-iyul kuni Rossiya Davlat dumasining axborot siyosati qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn kompaniyaning “harakatsizligi” tufayli YouTube`ning yuklanish tezligi 40 foizgacha pasayganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatning rossiyaliklar tomosha qiladigan asosiy mazmunining taxminan 80 foizi RFdagi Google serverlarida saqlanadi. Ular doimiy texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi, sanksiyalar tufayli kompaniya bu ishni amalga oshirmaydi.

Xinshteynning qo‘shimcha qilishicha, Google bilan hamkorlik qiluvchi Rossiya ma’lumotlar markazlari yaqin kunlarda kompaniya bilan “kulrang sxemalar” bo‘yicha ishlashni to‘xtatish niyatida. Bu YouTube`ning yuklanish tezligi 70 foizgacha pasayishiga olib keladi, dedi u.