Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 31-iyuldagi ko‘rsatma xatiga asosan, vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi 2025−2026 o‘quv yiliga qadar uzaytirildi. Bu ma’lumotni vazirlik matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

b2 sertifikati, maktabgaча va maktab ta’limi vaзирлиги, xorijiy til o‘qituvchilari

Shunga muvofiq, 2025−2026 o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi sertifikati bo‘lmagan, maktablarda amalda ishlab turgan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi.

Tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan hamda ayni vaqtda faoliyat olib borayotgan xorijiy til o‘qituvchilari tomonidan belgilangan sertifikatlar 2024−2025 o‘quv yili yakuniga qadar olinishi vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan tashkil etiladi.

Ammo yangi ishga kirayotgan chet tili o‘qituvchilaridan bunday sertifikatlar talab qilinadi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qarori bilan, 2024−2025-o‘quv yiligacha maktab, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi belgilangandi. O‘shanda talabni bajara olmaganlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi yoki B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari ishga qabul qilinmasligi qayd etilgan.

Iyul oyida vazirlikning boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov “Daryo” nashriga bergan intervyusida bunday talab qo‘yilishiga sabab sifatli ta’limga erishish ekanini ma’lum qilgan.

“Xorijiy tilda dars beruvchi o‘qituvchi chet tilini eng kamida B2 — oliy ta’limni bitirganda bakalavrga qo‘yilgan darajada bilishi kerak. Bu xorijiy tillarni o‘rgatishda sifatga erishish uchun qo‘yilgan talab va maqsadlardan hisoblanadi”, — degandi u.