To‘ng‘ich qizini uzatishidan avval Hadiya opaнинг eshigini shohu gado, tanishu begona taqillatib kela boshlagan. Og‘iz solganlar orasida yaqin qarindoshlar ham bor edi. Ammo u o‘zaro munosabatlarga putur yetishi, sovuqchilik tushishi mumkinligiga ko‘zini chirt yumib: “Qizimni begonaga beraman”, deya turib olgan. Toki bolasi bir vaqtlar o‘zi qilgan xatoni takrorlab, umri xazon bo‘lmasin, bo‘lg‘usi nabiralari xasta, nogiron tug‘ilmasin.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan aziyat chekkan ayol taqdiri haqida jurnalist Mashhura Nasriddinova so‘zlab berdi. Hikoya qahramonlari ismi o‘zgartirilgan.

Ilk farzandi tug‘ilmayoq nobud bo‘lgan, to‘rt bolasidan ikki nafari nogironlik bilan dunyoga kelgan, yana bir jigarbandining salomatligini yugur-yugur bilan bazo‘r tiklagan Hadiya opa va uning turmush o‘rtog‘i G‘olib amaki — Samarqanddagi “kamdan-kam hollarda begona bilan quda bo‘luvchi” chekka bir qishloqning ko‘r-ko‘rona ergashiladigan “urf-odatlari” jabrdiydasi. Afsuski, avvaliga qarindoshi bilan oila qurishga ko‘ndirilib, buning oxiri voy bo‘lgach, aybni qismatga ag‘daruvchi, “hayot o‘zi shunday beshafqat”ligiga ishontiruvchilar dastidan ko‘p aziyat chekkan Hadiya opa va G‘olib amakilar yurtimizda kam emas.

Garchi Oila kodeksining 16-moddasida nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan ­­qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh taqiqlangan bo‘lsa-da, 2021-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda 1210 nafar qarindosh bir-biri bilan oila qurgan. Ulardan 529 nafari xolavachcha, 307 juft tog‘avachcha, 178 nafari amakivachcha va 196 nafar er-xotin esa ammavachcha. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryo va Surxondaryoda qayd etilgan — birinchisida 371 ta, ikkinchisida esa 343 ta qarindoshlar nikohi ro‘yxatga olingan.

Aslida qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh mavzusi dunyo uchun ham, tarix uchun ham yangilik emas. Sayyoramizning 1 mlrd aholisi qarindoshlararo turmushni ma’qul ko‘ruvchi jamiyatlarda yashaydi. Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va G‘arbiy Osiyo mamlakatlarida bunday nikohlar an’anaviy hisoblanadi. Ushbu hodisani ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan zakiy, tarixiy shaxslar hayotida ham uchratish mumkin. Masalan, amerikalik taniqli yozuvchi Edgar Allan Po va Nobel mukofoti sohibi Albert Eynshteyn, hatto “evolyutsiya nazariyasining otasi” sifatida e’tirof etiladigan Charlz Darvin kabilar ham o‘z xolavachchasi, amakivachchasi yo tog‘avachchasi bilan oila qurgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, asosan rivojlangan mamlakatlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar soni kamaygan — bunga ma’lum ma’noda taqiqlar ham sabab bo‘lgan: Xitoy, Tayvan, Koreya, Filippin kabi davlatlarda, shuningdek, AQShning 24 ta shtatida yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga qonuniy cheklov o‘rnatilgan. Ayni vaqtda, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu holat hali ham nisbatan ko‘p uchraydi: Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlari, jumladan, Saudiya Arabistonida yaqin qarindoshlar nikohi 70 foizdan oshishi mumkin, Iroqda 33 foiz, qo‘shni Afg‘onistonda esa 30−40 foizni tashkil etadi. Bunday nikoh oqibatida bolalarning o‘lik tug‘ilishi yoki erta o‘lim holatlari sezilarli darajada ko‘paygani ortidan 2016-yili Tojikistonda ham yaqin qarindoshlar nikohi taqiqlangan.

Odamlar nega qarindoshi bilan quda bo‘lishga intiladi?

Hadiya opa turmushga chiqayotgan vaqti juda yosh, ota-onasining aytganini qonun deb bilardi. Kelinoyisiga esa uning ana shunday g‘o‘rligi, qolaversa hech qayerda o‘qimagani ma’qul kelgan. “Bo‘lajak qaynona „bu qiz hali yosh, ustiga-ustak hech qayerda o‘qimagan, bemalol yo‘limga solib olaman“, deb o‘ylagan. Kuyov ham ota-ona doim haq, farzand uchun eng yaxshisini ular biladi, deya hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan”, — deya tushuntiradi Mashhura Nasriddinova.

Shunday qilib, shu vaqtgacha salkam tug‘ishgan aka-singildek bo‘lgan 20 yoshli G‘olib va 18 yashar Hadiya nikoh bilan er-xotinga aylangan… Bu kabi hayotiy keyslar tahlil qilinganida, Hadiya opaniki kabi yaqin qarindoshlar nikohiga odatda boshqa qarindoshlarning qistovi sabab bo‘lishini ko‘rish mumkin. Xususan, O‘zbekistondagi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning 58,1 foizi bobo va buvilar, 56,4 foizi ota-onalar, 14,1 foizi esa tog‘a, xola va ammalar tashabbusi bilan tuzilishi bunga tasdiqdir.

Biror ishni boshlashdan avval yetti o‘lchab bir kesish, kezi kelganda qatiqni ham puflab ichish lozimligini uqtiruvchi ayrim katta yoshli kishilar qarindoshlar nikohi sabab “og‘iz kuyishi” holatlari kam emasligiga qaramay, nega hali hanuz yaqin qarindoshlarining boshini bir qilgisi kelaveradi? Hayotining 20 yilini “O‘zbek oila-nikoh munosabatlari” va “O‘zbek an’analarining ijtimoiy va etnik psixologiyasi” nomli tadqiqotlarga bag‘ishlagan etnopsixolog, psixologiya fanlari doktori Ziyodaxon Rasulovaнинг ta’kidlashicha, hozir O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh etnoregional xususiyatga ega bo‘lib, urug‘chilik yaxshi saqlanib qolgan hamda an’anaviylikka kuchli rioya qiluvchi hududlarda keng tarqalgan.

“Azaldan katta oila bo‘lib yashovchi o‘zbeklarda tomorqa, xo‘jalikda ishchi kuchi kerak bo‘lgani uchun ham urug‘-aymoqchilikka ehtiyoj sezilgan. Ishchi kuchi o‘z oila a’zolaringdan biri bo‘lishi muhim hisoblangan. Serfarzandlilikning bolali bo‘lishdan saqlanishni bilmaslik, ko‘proq tug‘sa, birortasi tirik qolishiga umid qilish kabi omillari ham bo‘lgan, ammo, alohida qayd etish kerakki, ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj — ayniqsa tomorqasi, xo‘jaligi bor joylarda — ko‘p farzand ko‘rishning asosiy sabablaridan biri. Ko‘p bolalilikni faqat mehribonchilik yoki o‘zbeklarning bolajonligi bilan bog‘lash — bu stereotip”, — deydi u.

Psixologning aytishicha, nasl-nasab, xususan, qarindosh-urug‘chilik va katta oilaning o‘zbeklar uchun muhimligini ilgaridan mavjud bo‘lgan patriarxal munosabatlar bilan izohlash mumkin. Shu bilan birga, nasl-nasab haqida gap ketganida faqat iqtisodiy va moliyaviy ahvol, kelib chiqishnigina emas, boshqa omillarni inobatga olish kerak.

“Masalan, Toshkentda xo‘jalar, beklar, saidlar o‘z tabaqasidagi insonlar bilan quda bo‘lishga intilgani uchun ham endogam (bir urug‘ doirasidagi) nikoh amal qilgan. Lekin tabaqa deganda faqat kimdir past yoki yuqori nasabdan ekani, kimnidir mensish-mensimaslikni tushunish kerak emas. Gap shundaki, ma’lum bir urug‘-aymoqning an’analari, madaniyati farqli deb hisoblanib, urug‘ a’zolari orasida shu farqli xususiyatlarni saqlab qolish kerak, degan tushuncha ustuvorlik qilgan. Ammo hozir bu narsalar aynan oila qurishda yo‘qolib ketgan, „bo‘lsa — yaxshi, bo‘lmasa — bo‘lmas“ qabilida qaraladi”, — deydi u.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yoki Sirdaryo viloyati kabi hududlarda tabaqachilik, urug‘-aymoqchilik kuchli emas, ammo u yerda ham endogam nikohlar kuzatiladi. Rasulovaning tushuntirishicha, bu ushbu hududlardagi an’anaviylik, jamoaviylikka xos mental xususiyat bilan bog‘liq.

“Urug‘chilik yo‘qolib ketsa ham bunga an’ana sifatida amal qilinishining sababi — jamiyat insonlar xulq-atvorini ma’naviy etnik me’yorlar va qoidalar yordamida boshqarishga harakat qilishida. Bunda inson aqli bilan emas, stereotipik harakat qiladi — hamma qilayotgani, „shunday qilish kerak“ deb hisoblangani uchungina takrorlaydi. Masalan, hamma o‘tirayotganda — nima bo‘layotganini tushunmasa ham, boshqalarning harakatini takrorlab o‘tirib olish singari. Qarorlar qabul qilinayotganda jamoa — oilaning qiziqishlari, kelajakdagi rejalari inobatga olinadi va bu insonlarning boshqarilishga moyilligini oshiradi. Ya’ni, bunday fikrlovchi jamiyatda ongli yoki ong ostida „agar insonlar boshqarilmasa, ular, ehtimol, yomon ishlar qiladi“, degan tushuncha ham bo‘ladi”, — deydi Ziyodaxon Rasulova.

Olimning ta’kidlashicha, jamoaviylikka asoslangan mental xususiyatning asosiy g‘oyasi guruh manfaatining shaxsnikidan ustun qo‘yilishida namoyon bo‘ladi. Guruhga a’zo bo‘lish uchun kishi o‘z “men”idan kechib, uni ikkinchi darajaga tushiradi. Umumiy olganda, ijtimoiy moslik shaxsiy ustunlikdan muhimroq bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ijtimoiy qabul qilinish katta ahamiyat kasb etadi — guruhga a’zo bo‘lish, ajralib qolmaslik muhim. Ajralib qolgan kishi, o‘zini qabul qilinmay, qolib ketgan olaqarg‘adek his etadi. Bunday fikrlaydigan jamiyatda guruh tartib-qoidasiga rioya qilish psixologik komfort beradi. Ko‘pincha himoya mexanizmi ishlaydi, ya’ni, qulay bo‘lgani uchun psixika kerakli informatsiyani ko‘rmay, o‘ziga ma’qulini oladi — misol uchun, buning zararligini bilsa-da, qarindoshlar turmushini qo‘llab-quvvatlash — bunga misoldir.

“Men o‘tkazgan tadqiqot o‘zbeklar mental xususiyatida an’anaviylik, jamoadan chiqib ketolmaslik borligini ko‘rsatdi. Hamma qilgan, sinalgan usulni takrorlash qulay, o‘ylab o‘tirishga hojat yo‘q, shunisi xavfsiz, „odamlar qiladi-ku, ular ham ahmoq emasdir“, deb boshqalarga ergashiladi. „Notanish kelin/kuyov qanaqaligini Xudo biladi — giyohvand, piyonista bo‘lsa-chi“, deb shubhalanadi. Qarindoshining qizini esa „ko‘z oldimda o‘sgan, qandayligini bilaman, u ham bizni, madaniyatimizni tushunadi“, deydi. Qarindoshi bilan quda bo‘lganlarning oqlovlari shunday qilmoqchi bo‘lgan boshqalarga ham qo‘l keladi. Chunki ko‘pchilik o‘zini boshqalar hayotiga bog‘langandek his etadi. Shuning uchun ham jamoaviylikka asoslangan o‘zbeklarda qarindoshchilik rishtalari qattiq bog‘langan”, — deydi mutaxassis.

Ziyodaxon Rasulova o‘tkazgan tadqiqot haqida

Tadqiqot doirasida Toshkent shahrining 10 ta tumanidagi 55 ta mahallada 355 ta oila, shuningdek, taqqoslash maqsadida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan jami 454 ta oila o‘rganilgan, bunda jami 1618 kishi qamrab olingan. Tadqiqot 2001−2014-yillar davomida muntazam ravishda kuzatuv, so‘rov (og‘zaki, yozma, erkin, standartlashtirilgan), tarjimai hol, qisqa muddatli ekspeditsiya usuli orqali amalga oshirilib, 154 kishida tajriba-sinov (eksperiment) ishlari olib borilgan. Tadqiqot doirasida 2007-yili Toshkentda 100 kishi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnomada respodentlarning 50 foizi yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga salbiy munosabatdaligi, bunday turmush nasliy xastaliklarga olib keladi, deb hisoblashini ma’lum qilgan. 2014-yili 240 kishi ishtirok etgan xuddi shunday so‘rovnomada esa “munosabatim salbiy, bu nasliy xastaliklarga olib keladi” degan javobni berganlar ulushi 55,8 foizni tashkil etgan. E’tiborga molik jihati, har ikkala (2007 va 2014-yilgi) so‘rovnoma ham qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga erkaklardan ko‘ra ayollar xayrixohroq ekanini ko‘rsatgan.

Etnopsixolog Ziyodaxon Rasulova sabablar haqida mulohaza yuritarkan, stereotipik qarashlardan voz kechish uchun ta’limning muhimligini alohida ta’kidladi. “Qishloqlarda hali ham qarindoshlar orasida oila qurish xuddi erta nikohlar singari ko‘pligining boshqa sabablari — biqiqlik, yopiqlik, uzilish kuchliligida. Fikr va tushunchalarni, inson ruhiyatini esa sifatli va yaxshi ta’lim bilangina o‘zgartirish mumkin”, — deb hisoblaydi u.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh nimasi bilan xavfli?

Hadiyaning birinchi homilasi nobud bo‘lgach, shifokorlar unga reproduktiv salomatlik uchun muayyan vaqt bolali bo‘lishdan saqlanishi, organizm o‘zini tiklab olishiga ehtiyoj borligini uqtirgan. Lekin u bunga quloq solmay, darrov homilador bo‘lgan. Keyin yana, yana va yana. U shu tariqa oilasini saqlab qolmoqchi bo‘lgan, yo‘qsa o‘rtaga tushgan qarindoshlar ularni ajratib yuborgan bo‘lardi — Hadiya esa “qaytgan” qiz bo‘lishni istamasdi.

Hadiya opaning hozir uzatilib ketgan qizi ham aslida kasalmand tug‘ilgan — shifokorlar dastlab uning uzoq yashamasligini aytgandi; hozir ham onda-sonda nojo‘ya holatlar kuzatiladi, lekin ahvoli umumiy yomon emas. Ikkinchi qizni davolatishning esa iloji yo‘q.

“Gapirolmaydi, yurishida ham biroz nuqsoni bor, — deydi jurnalist Mashhura Nasriddinova. — Bo‘yi yetib, o‘zidan o‘zi ko‘chaga chiqib ketadigan odat chiqargach, imkoniyati cheklanganlar maktabiga berishga majbur bo‘lishdi. Opaning ikki o‘g‘lidan biri ham nogiron, yoshi 12 larda edi. Gapirsa tushunmaydi, o‘zi ham gapirolmaydi. Gavdasini tik tutolmasdi, hozir ahvoli biroz yaxshi. Lekin o‘zini yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi — unga doimiy qarovchi kerak, bir safar yolg‘iz qolib, uyini yoqib yuborishiga sal qolgan”.

Hadiya opaning farzandlari ahvolini tushunishga “anomal rivojlanishga ega har uchinchi bola yaqin qarindoshlar turmushidan dunyoga kelgani” haqidagi ma’lumot yaxshi asos bo‘ladi. Community Genetics jurnalida chop etilgan tadqiqotda yaqin qarindoshlar nikohidan bolalarning tug‘ma anomaliya bilan dunyoga kelish ehtimoli bir-biriga begona juftliklardan tug‘iladigan bolalardan 2−2,5 karra ko‘pligi, Medical Genetics jurnalida e’lon qilingan maqolada esa yaqin qarindoshlar nikohidan bolalarning autosom retsessiv (genetik) xastaliklar bilan tug‘ilish xavfi 2−3 baravar yuqori ekanligi aytiladi.

Nega qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda farzandlarning kasallik bilan tug‘ilishi ehtimoli yuqori? O‘zbekiston Milliy universitetidagi Biologiya fakultetining Genetika kafedrasi mudiri, professor Sayfulla Boboyev buning mohiyatini anglash uchun dastlab gen o‘zi nimaligi tushunib olish kerak, deb hisoblaydi.

“Odamga xos belgi-xususiyatlarni avloddan-avlodga uzatilishini ta’minlovchi moddiy asos hisoblangan gen xromosomaning muayyan fragmenti sifatida nukleotidlar (DNK) ketma-ketligidan tashkil topgan bo‘lib, bir molekula oqsil to‘g‘risidagi axborotni o‘zida saqlaydi. Irsiy axborotni o‘zida saqlovchi moddiy asos yoki belgi-xususiyatlar, avvalo gametogenez (tuxum va urug‘ xujayralarning xosil bo‘lishi), so‘ng urug‘lanish jarayonlarida ota-ona tomonidan yangi naslga teng taqsimlanadi. Kelgusi ontogenez jarayonida bu belgi va xususiyatlar o‘zini namoyon qiladi. Belgilarning naslga berilishida dominant yoki retsessiv irsiylanish muhim ahamiyatga ega. Masalan, odam sochining qora yoki jingalak bo‘lishi, ko‘z rangining qora bo‘lishi, labning qalinligi, tug‘ma katarakta, past bo‘ylilik, ko‘p barmoqlilik kabilar dominant holda irsiylansa, cochning oq sariq va tekis bo‘lishi, albinizm, ko‘z rangining havorang bo‘lishi, labning yupqaligi, baland bo‘ylilik kabilar retsessiv holda irsiylanadi. Evolyutsion rivojlanish jihatidan har bir inson — patologik belgi dominant bo‘lsa 50 foiz, retsessiv patologik belgi bo‘lsa 25 foizga tashuvchi bo‘lishi mumkin”, — deydi professor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, (ota tomonidan) yaqin qarindosh bo‘lgan erkak va ayol oila quradigan bo‘lsa, xromosomalarning strukturaviy o‘zgarishi va dominant yoki retsessiv tipdagi mutatsiyalar natijasida yuzaga keluvchi irsiy kasalliklarning chastotasi (uchrashuvlari) ona tomonidan qarindoshlikka nisbatan yuqori bo‘ladi. Sonning tug‘ma chiqishi (son suyagining boshchasi chanoq suyagining chuqurchasidan chiqib ketishi bilan kuzatiladigan tug‘ma nuqson — tahr.), tayanch xarakatlanish yoki aqliy rivojlanishdan ortda qolish, epilepsiya, quyonlablik, maymoqlik, raxit, allergik kasalliklar va immunitetning zaifligi — shular jumlasidan. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar natijasida genom (xromosomalar sonining o‘zgarishi) mutatsiyalari, xromosomalar tuzilishining o‘zgarishi bilan bog‘liq mutatsiyalar, dominant yoki retsessiv tipdagi gen mutatsiyalari sodir bo‘ladi.

Professorning qayd etishicha, qarindoshlar oila qurib, ularda yashirin “kasallik” genlari uchrashsa, farzand irsiy kasallik bilan tug‘ilishi mumkin. Chunki bola o‘z genlarining yarmini onadan, qolganini esa otasidan oladi.

“Genetik jihatdan ajdodlar qancha bir-biriga yaqin bo‘lsa, gomozigotalashish (inbriding) tezlashadi va nosog‘lom yoki bir-biriga o‘xshash farzandlar ehtimoli yuqori bo‘ladi. Aksincha, kelin-kuyovning kelib chiqishi qancha bir-biridan uzoq bo‘lsa, geterozigotalashish tezlashib (panmeksiya), ulardan sog‘lom va baquvvat farzandlarning to‘g‘ilish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Klaynfelter, Patau, Edvards sindromlari (genom mutatsiyalari), mushak distrofiyasi, fenilketonuriya, alkoptonuriya, galaktozimiya va lipidoz singari gen kasalliklarning kelib chiqishiga aynan qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar sabab bo‘lishi mumkin”, — deydi Sayfulla Boboyev.

Toshkent Perinatal markazining amaliy-usuliy ishlar bo‘yicha direktor muovini Jamoliddin Xo‘jaahmedovнинг tushuntirishicha, qarindosh bilan nikohda bitta geterozigotali mutatsiyaga uchragan gen bu avlodda bo‘lmasa, keyingilarida bir-biri bilan ko‘rishadi. U genlar bir-biriga qanchalik notanish bo‘lsa, ularning metabolizmi ham shunchalik yaxshi bo‘ladi.

“Har bir insonda o‘z ajdodiga xos genetik o‘zgarishlar bo‘ladi. Kimdadir yurak qon-tomir kasalliklari, boshqa birovda qon aylanishi, ba’zilarda esa oshqozonosti bezi xastaliklari va shunga o‘xshash genetik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Ya’ni, o‘zini sog‘lom deb o‘ylaganlarda ham 2−2,5 foiz genetik kasallikka moyillik bo‘ladi. Tamoman begona yoshlar oila qursa xavf chastotasi 5 foiz bo‘lsa, qarindosh yigit va qiz turmush qurgan taqdirda bu xavf ko‘proq bo‘ladi”, — deydi u.

Shuningdek, gen ikki tomonlama kasallik tashuvchi bo‘lsa, bunday ota-onadan tug‘iladigan har bir farzand xastalik bilan tug‘ilishi mumkin. Ya’ni, bir xil xromosomalarda bir-biriga bog‘liq bo‘lgan ota-onaning ikkovida bir xil mutant gen mavjud bo‘lsa, bolalar katta ehtimol bilan turli irsiy kasalliklarga moyil bo‘ladi.

“Deylik, bizda ko‘p uchraydigan kasallik mukovissidoz (mukovitsidozni nazorat qilib turuvchi transmembran genining mutatsiyaga uchrashi bilan sodir bo‘ladigan tizimli patologiya — tahr.) — kistali fibroz bo‘lgan qarindoshlar oila qurganida, shu gen tashuvchi hisoblanib, ularning ikkalasidan ham xasta bola tug‘ilaveradi”, — deydi u.

Sayfulla Boboyevning qo‘shimcha qilishicha, yaqin qarindoshlar nikohi tufayli quyonlab, bo‘ri tanglaylik, xromosom kasalliklar, temir moddasining oshib ketishi, aqliy va jismoniy o‘sishdagi jiddiy oqsoqlik (xususan, tug‘ma aqli zaiflik) kabi 80 ga yaqin kasalliklar kelib chiqishi mumkin.

Nima qilmoq kerak?

Faoliyati davomida bolasidagi muammo tufayli pushaymon yegan qarindosh er-xotinlar bilan bir necha bor to‘qnash kelgan Jamoliddin Xo‘jaahmedov odamlar majburlikdan emas, balki oqibatlarni baholagan holda ish tutishi lozimligi, xususan, turmush qurishdan avval genetik tekshiruvdan o‘tish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

“Har bir xromosomaning kasallik tashuvchanligi bor — ularni genetik tekshiruvda aniqlash mumkin. Sog‘liq sug‘urtasi amal qiluvchi davlatlardagi tibbiy tahlillar orasida genetik tekshiruv ham bor. Oila qurish bo‘sag‘asidagi yoshlarning bu kabi tekshiruvlardan o‘tishi, aniqlangan muammodan kelib chiqib qaror qabul qilishi har ikki tomon uchun ham manfaatli. O‘zi va farzandlarining kelajagiga befarq bo‘lmagan inson to‘yga 5−10 ming dollar sarflash o‘rniga turmush qurishdan avval genetik tekshiruvdan o‘tsa, irsiyat, sog‘liq bilan bog‘liq bir qancha muammolarning oldi olingan bo‘lardi. Aks holda, munosabatlar qanchalik ideal, oilalar naqadar mos bo‘lmasin, bola genetik muammo bilan tug‘ilsa, hech nima tatimaydi, ko‘zga ko‘rinmaydi”, — deydi u.

Jamoliddin aka aytgan tekshiruv O‘zbekistonda bor. Bu nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarorida ham ko‘zda tutilgan, ko‘zlangan maqsad ham aynan “sog‘lom oilani shakllantirish, irsiyatga bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish”. Lekin bu masalaning bir, hatto ikki “lekini” bor.

Qarorda: “Nikohlanuvchi shaxslar uchun tibbiy ko‘rik jarayonida genetik tekshiruvlarga zarurat bo‘lganda, ularning o‘zaro kelishuvi asosida ushbu tekshiruvlar pullik asosda amalga oshirilishi mumkin”ligi qayd etilgan. Ya’ni, bu tekshiruv, birinchidan — ixtiyoriy, ikkinchidan — pullik. O‘z istagi bilan, shunda ham sog‘ayish uchun emas, o‘zida qanday genetik muammo borligini bilish uchungina kamida 11 mln so‘m sarflashga tayyorlar hozircha ko‘p emas.

Shu jihatdan, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonda yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash taklif qilingani ayni muddaodek ko‘rinadi. Qo‘mita ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi yon shajara bo‘yicha qarindoshlar — aka-uka va opa-singillar, ularning bolalari, ota va onaning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari va boshqalar — o‘rtasidagi nikohni taqiqlashni, faqat tibbiy genetik tekshiruvlari (DNK testi) natijasi ijobiy bo‘lgan nikohlarga istisno tariqasida ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Jurnalist Mashhura Nasriddinova Hadiya opaning hayoti haqida hikoya qilarkan, qizlar o‘z haq-huquqini bilishi — hech kim ularni majburlab falonchining o‘g‘li yo pismadonchining nevarasiga beruxsat berib yuborolmasligini anglashi muhimligi, oila qurish, farzandli bo‘lish shunchaki bozordan kiyim tanlash emasligini tushunish lozimligini ta’kidlaydi.