O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra 37 million 134 ming 200 kishini tashkil etdi. Yil boshidan buyon doimiy aholi sonining o‘sishi 334 ming kishidan ortiqni, 2023-yilning shu davriga nisbatan esa 761,8 ming kishini yoki 2,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida keltirib o‘tildi.

Birinchi yarimyilliklardagi aholining o‘sish ko‘rsatgichlari.Birinchi yarimyilliklardagi aholining o‘sish ko‘rsatgichlari.

Aholining 18,7 millioni erkak, 18,4 million nafari esa ayollardan iborat. Shahar aholisi 18,9 million kishidan ortiq, qishloq aholisi 18,2 million kishini tashkil qilmoqda.

Aholining o‘rtacha yoshi erkaklarda 28,5 yosh, ayollarda 30 yoshni tashkil etmoqda. Aholining o‘rtacha yoshi bu — aholi yosh tarkibining taxminiy umumiy tavsifi. U umumiy aholi tarkibidagi barcha odamlar yoshlarining o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.

Jami aholining 32 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik, 56,4 foizi mehnatga layoqatli yoshda, 11,6 foizi esa mehnatga layoqatli yoshdan katta.

Yosh guruhlari bo‘yicha eng katta ulushni 13,2 million kishi bilan 31−59 yoshdagi aholi tashkil etishda davom etmoqda. 14−30 yoshdagilar — 9,6 million, 5−13 yoshli bolalar — 6,1 million, 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar — 4,3 million va 60 yosh va undan katta aholi — 3,4 million kishini tashkil etmoqda.

Erkaklar orasida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar eng katta ko‘rsatkichni — 2,3 million kishini, 60−64 yoshlilar esa eng kami — 657 ming kishini tashkil etdi. Ayollar orasida ham eng katta ko‘rsatkich besh yoshgacha bo‘lgan qizlar bo‘ldi — 2,1 million kishi, eng kam ayollar soni 60−64 yosh guruhida qayd etilgan — 736 ming kishi.

Hisobotda tug‘ilishda kutilayotgan umr ko‘rish ko‘rsatkichi ham keltirilgan. Tug‘ilishda kutilayotgan umr davomiyligi — tug‘ilgan (0 yoshdagi) insonlarning kutilayotgan o‘rtacha umr ko‘rish yillari soni. Bunda ushbu ko‘rsatkich hisoblangan yildagi yoshlar bo‘yicha o‘lim darajasi saqlanib qoladi deb hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 2023-yil oxirida erkaklar uchun 72,5 yosh, ayollar uchun 76,9 yoshni tashkil etdi. Bundan tashqari, agar shahar va qishloqda erkaklarning umr ko‘rish davomiyligi deyarli bir xil bo‘lsa — mos ravishda 72,6 va 72,3 yosh, ayollar uchun farq bir yarim yilni tashkil etdi — shaharda 77,5 va qishloqda 76 yosh.

O‘zbekistonda aholi zichligi har kvadrat kilometrga 82,7 nafar kishini tashkil etdi. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 1,7 kishiga ko‘p (2023-yil 1-iyul holatiga 1 kv kilometrga 81 kishi edi). Hududlar kesimida aholining eng yuqori zichligi Toshkent shahrida 6864,4 nafar, Andijon viloyatida 796,4 nafar, Farg‘ona viloyatida 606,3 nafarni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 9,8 va Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 12,1 kishini tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng ko‘p doimiy aholi Samarqand viloyatida 4,25 million kishi, Farg‘ona viloyatida 4,1 million kishi, Qashqadaryo viloyatida 3,6 million kishini tashkil qildi. Eng kam aholi Sirdaryo viloyatida — 922,1 ming kishi, Navoiy viloyatida — 1,1 million kishi va Jizzax viloyatida — 1,5 million kishi qayd etildi.

O‘zbekistonda so‘nggi olti oyda qizlardan ko‘ra ko‘proq o‘g‘il bolalar tug‘ilgan.O‘zbekistonda so‘nggi olti oyda qizlardan ko‘ra ko‘proq o‘g‘il bolalar tug‘ilgan.

Tug‘ilish

Yanvar iyun oylarida tirik tug‘ilganlar soni 419,9 ming nafarni tashkil etib, ularning 218,1 ming nafari o‘g‘il, 201,8 ming nafari esa qiz bo‘ldi. Tug‘ilganlar soni shaharlarda 212,3 ming kishiga, qishloq joylarda 207,6 ming kishiga yetdi.

2024-yilning yanvar-iyun oylarida qayd etilgan tug‘ilishlarni chaqaloqlar soni bo‘yicha tahlil etilganda, quyidagi ulushga ega bo‘lganligi kuzatildi: 1 nafar tug‘ilganlar 97,7 foizni, 2 nafar tug‘ilganlar (egizaklar) 2,2 foizni, 3 nafar va undan ortiq tug‘ilganlar 0,1 foizni tashkil etdi.

Tug‘ilgan chaqaloqlar otasining yoshi bo‘yicha 9,9 foiz chaqaloqlar otasining yoshi 25 yoshgacha, 82,9 foizining otasi 25−39 yoshlarga hamda 7,2 foiz chaqaloqlarning otasi 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tug‘ilgan chaqaloqlar onasining yoshi bo‘yicha 37,4 foiz chaqaloqlar onasining yoshi 25 yoshgacha, 61,3 foizining onasi 25−39 yoshlarga hamda 1,3 foiz chaqaloqlarning onasi 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘lgan.

Tug‘ilganlarni ulushi ko‘p bo‘lgan hududlar qatorida Samarqand viloyati (12 foiz), Farg‘ona viloyati (11,2 foiz), Qashqadaryo viloyati (10,5 foiz), Andijon viloyati (9,2 foiz) va Surxondaryo viloyati (9 foiz) o‘rin oldi.

Tug‘ilish darajasi Sirdaryo viloyatida (2,5 foiz), Navoiy viloyatida (2,9 foiz), Jizzax viloyatida (4,4 foiz), Xorazm viloyatida (4,5 foiz) va Qoraqalpog‘istonda (4,5 foiz) nisbatan past bo‘ldi.

O‘lim

Yanvar-iyun oylarida vafot etganlarning umumiy soni 81,4 ming kishini, ularning 44,4 mingini erkaklar, 37 ming nafarini ayollar tashkil etdi. Shaharlarda xuddi shunday ko‘rsatkichlar 46 ming kishini, qishloq joylarda esa 35,4 ming kishini tashkil etdi.

aholi, doimiy aholi soni, миграция, никоҳ, o‘lim

Yuqoridagi grafikdan 2024-yilning birinchi yarmida o‘limlar soni o‘tgan to‘qqiz yillikning xuddi shu davrlariga, jumladan, koronavirus pandemiyasini o‘z ichiga olgan 2020, 2021 va 2022-yillarga nisbatan ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. “Gazeta.uz” bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh so‘radi.

Olti oy davomida qayd etilgan o‘lim holatining 58,4 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi — o‘simtalardan, 6,6 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 5,3 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,1 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 1,1 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 15,1 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Hududlar kesimida o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida — 5,2 promille, Toshkent viloyatida — 5 promille, eng past ko‘rsatkich — 3,9 promille Jizzax viloyatida qayd etilgan.

O‘lim holatlarining eng katta ulushi Samarqandda — 10,9 foiz, Farg‘ona — 10,4 foiz viloyatlarda, Toshkent shahrida — 9,7 foiz, Andijonda — 9,3 foiz va Qashqadaryoda — 9,1 foiz viloyatlarda qayd etilgan.

O‘limlar sonining ulushi nisbatan kam Sirdaryo viloyatida 2,5 foiz, Navoiy viloyatida 2,8 foiz, Jizzax viloyatida 3,6 foiz, Xorazm viloyatida 5,2 foiz va Buxoro viloyatida esa 5,4 foizni tashkil etgan.

Nikohlar

Ro‘yxatga olingan nikohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1200 taga kamaygan holda 97,4 mingtani tashkil etdi, shundan 50,1 mingtasi yoki 51,4 foizi shaharlarda, 47,3 mingtasi yoki 48,6 foizi qishloqlarda ro‘yxatga olingan.

Nikohda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,9 yosh, erkaklarning o‘rtacha yoshi 27,8 yoshni tashkil qildi.

Nikohlarning eng yuqori foizi Samarqand viloyatida — 10,5 foiz, Qashqadaryo viloyatida — 10,1 foiz, Farg‘ona viloyatida — 10 foiz, Toshkent shahrida — 9,2 foiz va Surxondaryo viloyatida — 8,3 foizni tashkil etdi.

Nikohlar sonining nisbatan past ulushi Sirdaryo viloyatida — 2,5 foiz, Navoiy viloyatida — 2,7 foiz, Jizzax viloyatida — 3,6 foiz, Buxoro viloyatida — 6 foiz va Qoraqalpog‘istonda — 6,6 foizni tashkil etadi.

Ajralishlar

Birinchi yarim yillikda ajralishlar soni 22,5 mingtani tashkil etdi. So‘nggi to‘rt yil ichida ularning o‘rtacha soni sezilarli darajada oshdi. Ajralishlarning umumiy sonidan 13,8 mingtasi shaharlarda (61,6 foiz), 8,6 mingtasi qishloq joylarda (38,4 foiz) qayd etilgan.

6 oyda farzandsiz nikohdan ajralishlar soni 10 479 tani, 1 nafar farzand bilan nikohdan ajralishlar soni 6616 tani, ikki va undan ortiq bola bilan ajrashganlar 5372 tani tashkil etdi. Ajrashgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 37,1 yoshni, ayollarniki 32,2 yoshni tashkil etdi.

Nikohdan ajralishlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahrida 13,1 foizga, Andijon viloyatida 10,6 foizga, Farg‘ona viloyatida 10,5 foizga, Toshkent viloyatida 10,2 foizga va Samarqand viloyatida 10,1 foizga teng bo‘ldi.

Nikohdan ajralishlar sonining ulushi nisbatan kam ulushi Navoiy viloyatida 2,6 foiz, Sirdaryo viloyatida 3,4 foiz, Jizzax viloyatida 3,7 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 4,0 foiz va Xorazm viloyatida 4,4 foizni tashkil etgan.

Migratsiya

aholi, doimiy aholi soni, миграция, никоҳ, o‘lim

Olti oy davomida O‘zbekistonga 116,6 ming kishi, jumladan, 50,7 ming erkak, 65,9 ming ayol keldi. Shaharga kelganlar soni 87 ming nafarga, qishloq joylariga 29,6 ming kishiga yetdi.

Xorijdan O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelganlarning eng katta ulushi (ularning umumiy soniga nisbatan foizda) Rossiya Federatsiyasi (36,1 foiz) va Qozog‘iston (24,1 foiz) davlatlaridan kelganlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Kelganlarning 10,7 foizi Tojikistondan, 7,2 foizi Qirg‘izistondan, 2 foizi Turkmanistondan, 19,9 foizi boshqa mamlakatlardan kelganlar.

Yosh guruhlari bo‘yicha: ko‘chib kelganlarning 10,8 foizi mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan, 81,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 7,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar.

Immigrantlarning eng katta ulushi Toshkent shahri (38,2 foiz), Toshkent viloyati (13,3 foiz), Samarqand viloyati (6,1 foiz), Navoiy viloyati (5,1 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (4,9 foiz).

aholi, doimiy aholi soni, миграция, никоҳ, o‘lim

O‘zbekistonni olti oy davomida tark etganlar soni 120,6 ming kishini, jumladan, 52,8 ming nafari erkaklar, 67,8 ming nafari ayollarni tashkil qildi. Shahardan chiqib ketganlar 83,9 ming kishini, qishloq joylardan ketganlar 36,7 ming kishini tashkil etdi.

Yosh guruhlari bo‘yicha: Ketganlarning 11,2 foizi mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan, 81 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 7,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalardir.

O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga doimiy yashash uchun ketayotganlarning asosiy ulushi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi (81,5 foiz). Undan keyingi o‘rinlarda Rossiya (15 foiz), Qirg‘iziston (0,7 foiz), Janubiy Koreya (0,7 foiz), Turkmaniston (0,3 foiz), boshqa davlatlar (1,8 foiz).

Ko‘chib ketganlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahrida 29,5 foizga, Toshkent viloyatida 11,5 foizga, Qashqadaryo viloyatida 7,3 foizga, Samarqand viloyatida 6,7 foizga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 6,0 foizga teng bo‘lgan.

Ko‘chib ketganlar sonining ulushi nisbatan kam Namangan viloyatida 2,2 foiz, Sirdaryo viloyatida 3,2 foiz, Jizzax viloyatida 3,7 foiz, Andijon viloyatida 3,7 foiz va Buxoro viloyatida esa 5,0 foizni tashkil etgan.