Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan, anor sharbati qo‘shilgan Royal nomli gazlangan ichimlik sifat talablariga javob bermaydi, deb xabar berdi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi (sobiq “O‘zstandart” agentligi).

Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvi ichimlik tarkibidagi “E122 azorubin” bo‘yog‘ining miqdori oshib ketganini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

Sharbat markirovka bo‘yicha “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament“ning 8, 36, 53 va 58-bandlari talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

Xususan, reglamentning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (Ye122 azorubin, Ye104 sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AS Ye129 qizil maftunkor, 4R Ye124 ponso va Ye102 tartrazin) oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak.

Inspeksiyaning qayd etishicha, yuqoridagi me’yoriy hujjatlarga rioya qilmaslik texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hisoblanadi.

Xabarda ichimlikni savdodan olib tashlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishi aytilmagan.

Yaqinda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan Royal, Paradise, Mani, Pure va va “Oltin hayot” ichimliklarini tekshirgan va markirovkalash talablari buzilganini aniqlagandi: E122 azorubin bo‘yoq moddasining tarkibi, ozuqaviy qiymati ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish sanasi va yaroqlilik muddati to‘g‘risida ogohlantiruvchi yozuvning yo‘qligi.

Qozog‘istondagi savdo korxonalariga ushbu mahsulotlarni ruxsatnomasiz xarid qilmaslik haqida ogohlantirilgan, biroq o‘sha paytda ichimliklarni sotish taqiqlanmagandi.

Qirg‘izistonda iyul oyining boshida “Oltin hayot” ichimligida ham E122 azorubin bo‘yog‘i borligi aniqlangan. Chakana savdo tarmoqlari rahbarlariga ushbu mahsulotlarni sotishni taqiqlash to‘g‘risida buyruq berilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish qo‘mitasi iyul oyi boshida O‘zbekistonga olib kirilayotgan Royal va boshqa ichimliklarning har bir partiyasi laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilayotgani, natijada zararli moddalar aniqlanmagani haqida xabar bergandi.

Biroq qo‘mita mahsulotlardan qayta namunalar olib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borishni reja qilgan.