Savdo markazidan alohida ajratilgan 1400 kvadrat metrdan ziyod maydonda tashkil etilgan ko‘rgazma beshta zaldan iborat bo‘lib, 6 mavzuli hududga ajratilgan: “Jadidlar. Turkistonga maktublar”, “Olmoniyadan maktublar”, “Turkiston. Hurlik va taraqqiyot orzusi”, “Qatag‘onlar” , “Taraqqiyot yo‘lida” va “Aks”.

Nega aynan bu mavzu?

Ko‘rgazma tashkilotchisi hisoblangan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bungacha Van Gog, Gustav Klimt kabi rassomlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan multimediyaviy ko‘rgazmalarni uyushtirgandi. Jamg‘arma loyihalar menejeri Salohiddinxo‘ja Sur’atxo‘jayevning ta’kidlashicha, jadidlar haqidagi ushbu ko‘rgazma O‘zbekistondagi tarixiy formatdagi multimediyaviy ko‘rgazma tashkil qilishga ilk urinishlardan biridir.

“Jadidlar deganda odatda maktabda o‘qitiladigan, boshqa manbalarda ham ismlari ko‘p uchraydigan Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy kabilarni eslaymiz. Vaholanki, bu harakat faqat ulardan iborat emasdi. Ayrimlar tarixchilar jadidlar 12 nafar bo‘lgan desa, boshqalari yangi usul maktabida o‘qigan har bir talabani jadid deb hisoblaydi. Bu yo‘nalishda ish olib borayotgan olimlarimiz ham kam. Maqsad — mavzuni chuqurroq o‘rganish, ommaga ko‘p ham tanish bo‘lmagan qahramon jadidlarni tushunarli va qiziqarli tarzda ko‘rsatish”, — deya Sur’atxo‘jayev ko‘rgazma uchun nega aynan shu mavzu tanlanganini tushuntirdi.

Ko‘rgazma ustida yuzlab odamlar bir yildan ziyod davomida ishlagan. Masalan, arxiv materiallarini to‘plashning o‘ziga yarim yilcha vaqt ketgan.

“Ko‘rgazma konsepsiyasi ancha avval ishlab chiqilgan edi. Jadidlar haqida mana shunday ko‘rgazma qilasan, mana senga uch oy vaqt deb, aytilmagan. Olimlarga ham, ko‘rgazma kuratorlariga ham, hammasiga — [bemalol] vaqt berilgan. Birgina ko‘rgazma ssenografi — tayyor kontentni ommaga qanday ko‘rsatishni hal qiladigan mutaxassisning o‘zi bu mavzuni uch oydan ko‘proq o‘rgandi”, — deydi jamg‘arma vakili.

Ko‘rgazma uchun xizmat qilgan 500 dan ziyod materialning asosiy manbasi davlat arxivlari, xalqaro arxivlar va shaxsiy kolleksiyalardir. Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayevning kolleksiyasi, Germaniyaga o‘qishga ketgan talabalarning avlodlaridan olingan ashyolar ham juda katta ahamiyat kasb etgan.

“Ular yo‘q bo‘lib ketayotgan manbalar edi. Hozir monitorlarda ko‘rinib turgan suratlarning aksari kichkina-kichkina shaklda saqlanib qolgan. Biz barini bittalab yig‘ib, 4K formatda restavratsiya qildik. Ayrim hujjatlar va suratlar yo‘qolib ketgan yoki egalarining uylari yonib ketishidan avval suratga olinib, saqlanib qolgan. Dizaynerlarimiz ularni ham aslidagi kabi ko‘rinishga keltirishga harakat qildi. Mana shu ko‘rgazmaga tayyorlanish jarayonida ko‘plab arxivlar saqlab qolindi va raqamlashtirildi. Menimcha, O‘zbekistonda arxiv ishi bo‘yicha hali bu qadar katta ish qilinmagan edi”, — dedi Sur’atxo‘jayev.

Ko‘rgazmada ko‘rsatiladigan va o‘qiladigan xatlar soha mutaxassislari uchun yangilik bo‘lmasligi mumkin, chunki aksariyati shu vaqtgacha ilmiy ishlarda, ilmiy-ommabop kitoblarda chop etilgan.

“Ayrim xatlar eski o‘zbek yozuvida — ularni biz tabdil qilmaganmiz. Bu bo‘yicha tadqiqotchi olimlar, jumladan, Bahrom aka Irzayevning kitoblari bor. Biz turli til va alifboda yozilgan xatlarni bir til va alifbo — o‘zbek tili va lotin alifbosida jamlab, bezaklab, tayyorlab, namoyishga qo‘ydik”, — deya tushuntirdi Salohiddinxo‘ja Sur’atxo‘jayev.

Ko‘rgazma

Har bir zalda mavzuga aloqador xatlarning ovozli shaklda o‘qilgan talqini har 10 daqiqada takroran ijro etiladi. Monitorlarda esa aksar xatlarning matnlari ovozga hamohang tarzda paydo bo‘ladi, o‘sha davrga oid suratlar va videolar ham aylanadi.

“Multimediyaviy ko‘rgazmalarning xalqaro qabul qilingan formati bor. Bunday ko‘rgazmada odamning ko‘zi quvnashi kerak. Biz tarixni avvalo yoshlar formatida, ularga tushunarli tilda taqdim etganmiz. Qolaversa, namoyishda olimlarning jadidlar haqidagi biror fikri berilmagan. Tashrifchilar o‘zlari xulosa qilishlari uchun arxivlarni boricha taqdim etdik”, — deydi Sur’atxo‘jayev.

Ko‘rgazmaning “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli birinchi zaliga kirilganda 1917−1918-yillardagi Turkiston muhiti his qilinadi. Bu yerda Turkiston ziyolilarining yurtni rivojlantirish yo‘lida bir-birini uyg‘onishga, ilm olish, sanoatni rivojlantirish, o‘lka boyliklaridan shu o‘lka xalqlarining o‘zi foydalanishi lozimligi haqidagi maqolalari, maktublari ovozli tarzda hikoya qilinadi.

Ikkinchi zal — “Olmoniyadan maktublar"da 1920−1930-yillardagi Germaniya va bu yurtga o‘qishga ketgan talabalarning uyga — Turkistonga yozgan xatlari bilan tanishish mumkin.

Uchinchi zal — “Turkiston. Hurlik va taraqqiyot orzusi” deb nomlangan bo‘lib, unga qorong‘i tunneldan o‘tiladi. Bu go‘yoki poyezd bo‘lib, unda 1930−1940-yillardagi Turkistonga “qaytasiz”. Bu yerda kechagi talabalar o‘z bilimlarini vatanda qo‘llay boshlaganliklariga oid detallar namoyishga qo‘yilgan.

“Birinchi zalda ma’lumotlar ko‘p emas — ko‘rgazmaga kelganlarni mavzuga asta-sekin olib kirish uchun shunday o‘ylangan. Ikkinchi zalda esa chuqur o‘yga tolasiz. Uchinchi zal eng kichkina bo‘lib, uni oynalar bilan kattalashtirishga harakat qilganmiz. Unda industrial effekt orqali Turkistondagi o‘zgarishlarni ko‘rsatishga harakat qilingan”, — deydi jamg‘arma vakili.

Keyingi zal — “Qatag‘onlar”. Kirishda yonayotgan kitoblar installyatsiyasi kutib oladi. Bu Germaniyadan qaytib, qatag‘onga uchragan turkistonlik yoshlarning yondirib yuborilgan kitoblariga ishora. Zaldagi har bir ekranning o‘z yo‘lagi bor — ularga bir daqiqadan ortiq qarab turgan kishi oxiri ko‘zguda o‘z aksini ko‘radi. Bu holat tomoshabinni o‘sha davrdagi odamlar o‘rniga o‘zini ham qo‘yib ko‘rishga undaydi.

“Uchinchi zaldagi sanoatlashtirishdan chiqib, to‘rtinchi zalga o‘tganda tashrifchi o‘zini boshqacha his qilishi kerak. Unda ekranlar ham boshqacha, matn ham yo‘q. Bu zal — faqat kuzatish uchun. Bu yerda kishi o‘yga toladi”, — deb tushuntiradi Salohiddinxo‘ja Sur’atxo‘jayev.

Zal burchagidagi aylanib turgan ro‘yxatda qatag‘onda otib tashlangan 98 kishining ism-sharifi yozilgan. Ko‘rgazma tashkilotchisi vakilining so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatdan nafaqat xorijga o‘qishga ketganlar, balki ularni o‘qishga yuborganlar, bu ishga biroz bo‘lsa-da hissa qo‘shganlarni ham topish mumkin — ularning aksariyati 1937−1938-yillardagi “Katta terror” davrida otib tashlangan.

So‘nggi — “Aks” zali devorlarida jadidlarning suratlari chiroqlar nuri va yulduzlar yorug‘ligi bilan uyg‘unlashadi. Bu yerda hech qanday matnli yoki audio ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina past ovozda musiqa qo‘yilgan. Bu yerda ko‘rgazma tomoshabini tanishuv oxirida o‘tirib o‘ylashi, xulosa chiqarishi uchun mo‘ljallangan. Hisobsiz yulduzlar va chiroqlarning ham o‘z ma’nosi bor.

“Ko‘rgazmada 73 talabaning hammasini ham ko‘rsatolmaganmiz. Chunki ayrimlarining suratlari ham saqlanib qolmagan yoki umuman bo‘lmagan. Faqat ism-familiyasi orqali tanilgan bo‘lishi mumkin. Bu yerdagi yulduzcha va chiroqchalarning oynalarga aksi tushishi hisobiga mingdan ortiq „yulduz“ hosil bo‘lgan. Bu — qatag‘onga uchragan hammaning ramzi. Chiroqlar bir maromda o‘chib-yonib turadi, lekin batamom o‘chmaydi. Bu ularning yulduzi hali-hamon so‘nmaganiga ishora”, — deydi Sur’atxo‘jayev.

Chiqish joyida ko‘rgazma mehmonlari o‘z xulosalari, his-tuyg‘ulari, ehtimol, jadidlarga o‘z maktublarini yo‘llashlari uchun maxsus burchak tashkil qilingan. Ta’kidlashlaricha, ko‘rgazma ochilgan birgina 18-iyulning o‘zida 60 dan ziyod mehmon xat yozgan.

Ko‘rgazmaning keyingi taqdiri qanday bo‘ladi?

Salohiddinxo‘ja Sur’atxo‘jayev hozircha bu haqda ma’lumot bera olmasligini, chunki bu mavzu va umuman bunday tadbir odamlarga qanchalik ma’qul kelayotganini avval o‘rganish, anglab olish lozimligini ta’kidladi.

“Lekin bu mavzuni davom ettirish, aynan shu ko‘rgazmani esa O‘zbekistonning boshqa hududlariga ham olib borib ko‘rsatish maqsadimiz bor. Hozir Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Buxoroda ochiladigan Jadidlar muzeyi loyihasi ustida ham ishlayapti. Shu muzeyda ham ko‘rgazma mavzusiga bag‘ishlangan alohida bo‘lim bo‘lishi ko‘zda tutilgan”, — dedi u.

Tashkent City Mall’ning ikkinchi qavatida tashkil etilgan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasi 1 cyentyabrgacha har kuni soat 10:00 dan 22:00 gacha ochiq bo‘ladi. Ko‘rgazmaga kirish pullik, narxlar quyidagicha:

  • dushanba, seshanba, chorshanba kunlari — 40 000 so‘m;

  • juma, shanba va yakshanba kunlari — 60 000 so‘m;

  • payshanba kuni kirish bepul va jonli navbat bilan amalga oshiriladi;

  • maktab o‘quvchilari, talabalar va pensionerlar chipta kassasida chipta sotib olayotganda — 50 foiz chegirma;

  • maxsus maktab va internatlarning o‘quvchilari, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish bepul.