1-avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov prezident topshirig‘iga binoan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov “Gazeta.uz”ga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda “metan narxining yuqori chegarasini” bekor qilish masalasi muhokama qilindi, endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi.

Prezident iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keladi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi. Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha prezident topshirig‘i berildi. Bu xuddi non va g‘alla narxlarini liberallashtirish misolida bo‘lgani kabi amalga oshiriladi”, — dedi Bekzod Hidoyatov.

Bekzod Hidoyatov.Bekzod Hidoyatov.

Bosh vazir matbuot kotibining aytishicha, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini anglatmaydi”. To‘rtta sektor rahbarlari narxlarning sun’iy ravishda bir necha barobar oshirilmasligini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, metan gaz quyish shoxobchalari siqilgan gaz sarfini hisoblash uchun Uzinfocom tizimini o‘rnatishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida gaz quyish shoxobchalari uchun maksimal narx 3950 so‘mdan belgilangani haqida ma’lumot tarqalgan edi. Bekzod Hidoyatov bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, hokimliklarga bunday ko‘rsatma berilmaganini ta’kidladi.

Tez orada Energetika vazirligi, Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuratura tomonidan sohadagi o‘zgarishlar haqida alohida matbuot anjumanlari o‘tkaziladi.

Moliyachi Otabek Bakirov avvalroq metan narxining yuqori chegarasi bekor qilinishini to‘g‘ri qaror deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “narxlarni davlat belgilashi, chinovniklarning limit taqsimlashi, grafik o‘rnatishi, kimga gaz berish-bermaslikni hal qilishlaridan” iborat rejimdan voz kechish kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-avgust kuni avtomobillar uchun metanning may oyi oxirida o‘rnatilgan bir kubometr uchun 3750 so‘m miqdoridagi eng baland chakana narxi tugadi.