Tashabbusli budjet jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish cha qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Senat kengashi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan saralashdan o‘tgan loyihalar bo‘yicha 7 kunlik targ‘ibot bosqichi kiritildi va ovoz berish bosqichi 20 kundan 10 kunga qisqartirildi. Targ‘ibot bosqichi saralash bosqichi yakunlaridan so‘ng o‘tkaziladi Bunda tashabbuskorlar loyihalariga ovoz to‘plash uchun o‘z loyihalarini targ‘ib qiladilar.

Targ‘ibot bosqichi boshlangunga qadar kelib tushgan barcha loyihalar saralashdan o‘tkazilishiga shaxsan Ishchi komissiya mas’ul hisoblanadi. Targ‘ibot bosqichi yakunlariga ko‘ra Portalda ovoz berish o‘tkaziladi.

Bosqichlarning davomiyligiga vakolatli organ tomonidan har bir mavsumning o‘ziga xosligidan hamda texnologik shartlarni inobatga olgan holda aniqlik kiritilishi mumkinligi belgilandi.

Kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, barcha mahallalar uchun g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida tashabbusli budjet doirasida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar (tashkilotlar) uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi.

Shuningdek, ijtimoiy soha tashkilotlari bino va inshootlarini ta’mirlash yoki jihozlash, unda tashabbusli budjet jarayonida ishtirok etishi ruxsat etilgan tashkilotlar ro‘yxati vakolatli organ tomonidan har mavsum boshida “Ochiq budjet” axborot portalida e’lon qilib boriladi.

Loyihalar mahalliy davlat hokimiyati, davlat organlarining binolarini, shuningdek, ushbu organlar balansida bo‘lgan obyektlarni qurish, ta’mirlash va jihozlashga qaratilgan o‘lmasligi kerakligi belgilandi.

Ovoz berish jarayoni davomida fuqarolar tomonidan loyihalarga majburiy ovoz to‘plashga jalb etilishi yuzasidan shikoyatlar kelib tushsa, vakolatli organ tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish yuzasidan tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma yuboriladi.

Agar holat o‘z tasdig‘ini topsa tuman (shahar) xalq deputatlari kengashlariga majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarish vakolati beriladi. Bunda, loyiha g‘olib loyiha sifatida aniqlangandan so‘ng Kengash tomonidan majburiy ravishda ovoz to‘plagan deb topilib rad etilganda, rad etilgan loyihaga ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar doirasida keyingi o‘rindagi loyiha (lar) g‘olib deb e’lon qilinadi.

G‘olib loyihalar aniqlangandan so‘ng xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan keyingi o‘rinlardagi loyihalarni qo‘shimcha tarzda g‘olib deb e’lon qilish vakolati beriladi.

Bunda tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari Jamg‘armaga mablag‘lar o‘tkazilganligi hamda qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash yuzasidan vakolatli organga ovoz berish jarayoni yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida murojaat yuborishi lozim.

Ishlar to‘liq yakunlangan loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga topshiriladi.