Andijon viloyati Asaka tumanida onlayn savdo platformasida pul yutqazib qo‘ygan ayolning jasadi suvdan topildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga.

Marhumaning onasi 17-iyul kuni viloyat IIBga murojaat qilgan va 1996-yilda tug‘ilgan qizi X.M. shu kuni uydan chiqib ketgani va qaytmaganini bildirgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida X.M. ovsinining telefonidan foydalanib, Telegram orqali ovozli xabar qoldirgani, unda onlayn savdoda yutqazib qo‘ygani va shu sababli o‘z joniga qasd qilmoqchiligini aytgani aniqlandi.

“Sening aytganingni qilmay, 3 mln [so‘m] pulni tikdim, Zarif akadan olib, yana tikdim. Bo‘lmadi baribir. Meni yana 11 mln pulga [qarzga] tiqib qo‘yishdi. Mening uncha pulni tikishga pulim yo‘q. Endi oxirgi chora — bu dunyodan o‘tish. Meni kechiringlar”, — deyiladi ovozli xabarda.

Qidiruv natijasida ayolning jasadi 5 kun o‘tib, 22-iyulda tumandagi Asaka tashlamasi soyidan jarohatlarsiz topildi. Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasida uning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi tufayli kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab qilib ko‘rsatilgan.

MY5 telekanalining Markaziy Studiya axboriy dasturiga so‘z borishicha, ayol tumandagi kasalxonalardan birida hamshira bo‘lib ishlab kelgan. Uning 3 nafar farzandi bo‘lgan. So‘nggi yillarda esa 1,5 yoshli farzandini parvarishlash uchun uyda qolgan.

Marhumaning qaynona va qaynotasi oilada hech qanday muammo bo‘lmagani, moliyaviy jihatdan ham ahvol yaxshi bo‘lganini ta’kidladi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.