Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi poytaxtda 20 ta yerusti o‘tish joyini qurish uchun mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Bu kengash raisi va Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan 31-iyul kuni imzolangan qarorda nazarda tutilgan.

Hokimlikning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 20 ta o‘tish joyini qurish uchun 107,26 mlrd so‘m talab etiladi, kengash ishlarni boshlash uchun 53,63 mlrd so‘m ajratishni ma’qulladi. Ishlarni “2024-yilgi Toshkent shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan shakllantiriladigan mablag‘lar” hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Prezidentning 2022-yil 12-iyuldagi “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini amalga oshirish doirasidagi qarori bilan 25 ta yerusti o‘tish joyi (2022−2026-yillarda 5 tadan) qurilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘sha paytda shaharda 10 ta yerusti va 41 ta yerosti piyodalar o‘tish joylari bo‘lgan. Xuddi shu qarorda 25 ta yangi yerosti yo‘laklari (har yili 5 tadan) qurilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda bo‘lajak yerosti va yerusti yo‘llarining manzillari ko‘rsatilmagan va ularning zarurligi asoslanmagan. Hokim imzolagan qarorda ham manzillar ko‘rsatilmagan. “Gazeta.uz” shahar hokimligiga murojaat qilib, ushbu manzillarni aniqlay olmadi.

Fuqarolar bilan dastlabki suhbatlar va ma’lumotlarning yo‘qligi mutaxassislar hamda jamoatchilik orasida xavotir va savollarni keltirib chiqarmoqda.

“Bunday yirik loyihalar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerak, deb bilaman. [Hujjatda] hech qanday ma’lumot yo‘q, qayerda quriladi bu piyodalar yerusti o‘tish ko‘prigi, nimaga asoslanib, yana hammasi mavhum”, — deb yozadi urbanist Iskandar Soliyev.

Davletovuz blogi muallifi Qobil Xidirov Toshkentdagi mavjud yerusti piyodalar o‘tish joylari qulayligi va samaradorligi bo‘yicha savollar talaygina ekanini ta’kidladi. Shahar ma’muriyati yana shunday ma’nosiz obyekt qurishdan oldin loyihalarni e’lon qilib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishi kerak, deya hisobladi u.

Piyodalar o‘tish joylari bilan nima noto‘g‘ri?

2023-yilning dekabr oyida Senat Toshkentdagi piyodalar ko‘priklarini tanqid qilgandi, ularning aksariyatida lift va eskalatorlar yo‘q. Biroq rasmiy xabarlarda shahar ichida bunday o‘tish joylari zarurligi haqida savol qo‘yilmagan.

Yerusti va yerosti o‘tish joylari haqiqatan ham xavfni oldini olish mumkin bo‘lmagan joylarda kerak bo‘lishi mumkin. Bunday joylarga temir yo‘l uchastkalari, shaharlar chetidagi halqa yo‘llari va shahar tashqarisidagi trassalar kiradi. Shu bilan birga, o‘tish joylari piyodalar foydalanishi uchun imkon qadar qulay bo‘lishi kerak. Biroq bunga misol sifatida so‘nggi yillarda qurilgan aksariyat o‘tish joylari, jumladan, Toshkent shahrining markaziy qismidagi yerusti o‘tish joylarini aytib bo‘lmaydi.

2019-yilda “Gazeta.uz” piyodalar ko‘priklari qanday qilib shaharni yanada xavfli qilishi va odamlarni yo‘l harakati qoidalarini buzuvchiga aylantirib, hayotini xavf ostiga qo‘yishga majburlashi haqida yozgandi (maqola rus tilida).

O‘tgan yilning dekabr oyida esa “NOqulay shahar” loyihasida fuqarolar uchun ko‘plab noqulayliklar tug‘dirayotgan bunday o‘tish joylari haqida reportaj e’lon qilingandi.

Shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘l o‘tkazgichlar faqatgina harakatchanligi cheklangan odamlar uchun noqulay emas. Yosh va sog‘lom piyodalar ham vaqt va kuchni tejash uchun ko‘prikka chiqmay yo‘lni kesib o‘tishadi, ayniqsa zinadan ko‘tarilish va tushish hamda burilishlar masofani sezilarli darajada uzaytiradi. Odatda, to‘siqlar odamlarni to‘xtatib qololmaydi. Bu yuqoridagi videolavhada yaxshi ko‘rsatilgan.

Haydovchilar yo‘l o‘tkazgichga yaqinlashganda tezlikni pasaytirmaydi, chunki u yerda piyodalar paydo bo‘lishini kutishmaydi. Bu esa yo‘l o‘tkazgichlar yaqinidagi hududlarni xavfli hududlarga aylantiradi. Toshkentda bunday joylarda baxtsiz hodisalar bir necha bor sodir bo‘lgan.

Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman 2018-yilda Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari chorrahasida (bu yerda ham samarasiz yo‘l o‘tkazgich mavjud) transport harakatini tashkil etish usulini taklif qilgandi, bunda piyodalar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan ko‘chani kesib o‘tishlari mumkinligi ko‘rsatilgan.

So‘nggi yillarda Toshkentdagi ko‘plab tartibga solinmagan chorrahalarda nihoyat svetoforlar paydo bo‘la boshladi, ba’zi yerosti o‘tish joylari esa yer yuzidagi zebra o‘tish joylari sifatida ikki baravar ko‘paytirila boshlandi (Xalqlar do‘stligi maydoni, Chorsu maydoni, Beshyog‘och maydoni — ammo oxirgi holatda yerdan o‘tish joyi panjaralar bilan to‘sib qo‘yildi). Bu ish davom etadimi yoki yo‘qmi — noma’lum.