2-avgust, Parij Olimpiadasining 7-kunida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta sport turi, xususan, dzyudo, yengil atletika, kamondan otish, boks bahslariga kirishadi. Unda 9 nafar atlet qatnashadi.

Dzyudo

-100 kg: Alisher Yusupov o‘z yurishini 1/16 saralash bosqichidan boshlaydi. Uchrashuv soat 13:00 dan so‘ng start oladi. 25 yoshli dzyudochi so‘nggi ikki yildan beri jahon chempionatining 3-o‘rnini egallab kelmoqda.

Yengil atletika

Safina Sadullayeva balandlikka sakrash bahslarida B guruhida saralash o‘yinlarida qatnashadi. Bu galgi musobaqa 26 yoshli atletning Tokio Olimpiadasida olgan 6-o‘rnini yaxshilashga imkon bo‘lishi mumkin. Musobaqa soat 13:15 dan so‘ng boshlanadi.

Kechki dasturlarda esa Sharifa Davronova uch hatlab sakrash bahslarida o‘z kuchini sinab ko‘radi. 17 yoshli Sharifa ham B guruhida saralash bosqichida qatnashadi.

Kamondan otish

Yakkalik bahslarida yaxshi ishtirok etgan bo‘lsa-da, medal ololmagan kamonchilar Amirxon Sodiqov va Ziyodaxon Abdusattorova juftligi endi soat 14:25 da aralash dasturda yana bir bor medallar uchun kurashadi.

Boks

-57 kg: Parij Olimpiadasida omadli yurish boshlagan Sitora Turdibekova ilk bahsida kongolik Marselat Sakobi Matshuni 3:2 hisobida yengdi. Endi u 1/16 saralash bosqichida Xitoy Taypeyi vakili Lin Yutingga qarshi jang qiladi. Raqib 2023-yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, u xalqaro musobaqalarda jinsga bog‘liq nomuvofiqliklar sabab ishtirok etolmagan. Bellashuv vaqti — 18:30.

+92 kg: Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov Parij Olipiadasining saralash bosqichida norvegiyalik Omar Shihadan 5:0 hisobida ustun keldi. Bugungi chorak finalda u avstraliyalik Teremoana Teremoana bilan to‘qnash keladi. Bahs 20:50 da.

-51 kg: Parij Olimpiadasining 1/8 finaliga yetib kelgan bokschi Hasanboy Do‘smatov 3-avgustga o‘tar kechasi qozog‘istonlik Saken Bibossinovga qarshi ringga chiqadi. 31 yoshli Do‘smatov qozog‘istonlik raqibi bilan tanish ekani, u bilan ringda ko‘p to‘qnash kelganini aytdi. Kim kuchli, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha yutadi, dedi sportchi. Bahs 00:20 da.

-80 kg: To‘rabek Habibullayev chorak final jangini kubalik Arlen Lopezga qarshi o‘tkazadi. Eslatib o‘tamiz, Arlen Lopez 2016-yilgi Rio Olimpiadasida o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyevni finalda ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal olgandi. Meliqo‘ziyev esa jamoaga yana bir kumush medal keltirgan.