Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 1-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekistonga elektromobillar importiga bojlar joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi.

Savdo-sanoat palatasi rahbari elektromobillarni olib kirishda boshqa davlatlardagi boj stavkalarini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiy diler yo‘qligi va standartlarga mos kelmasligi sababli Xitoydan import qilingan elektromobillarga 102,5 foizlik boj joriy qilgan. Yevropa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 38,1 foizga, Turkiyada 58 foizga, Braziliyada 10 foizga teng bo‘lib, 2026-yilda 35 foizga ko‘tariladi.

Turkiya bojlarni joriy etgandan so‘ng, BYD kompaniyasi mamlakatda 1 milliard dollarlik zavod qurish rejasini e’lon qilganini u ta’kidladi. Vahobovning fikricha, avtomobil sanoati mamlakat uchun malakali kadrlar shakllanishiga zamin yaratadi.

“Gap ish o‘rinlari yoki monopoliya haqida emas. Agar u yerda kelajak avlod mehnat qilsa, o‘sha joydan malakali mutaxassislar yetishib chiqadi. Shu yillar mobaynida Asakadagi zavodda 100 mingdan ziyod kishi ishlagan. Tanishlarimning 15 nafari Germaniyada ishlaydi va 3000 yevrodan 5000 yevrogacha maosh oladi”, — dedi u.

Vahobov jurnalistlarga murojaat qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga “kengroq qarash”ni va faqat mashinalarni sotishnigina emas, balki ularni tushunishni so‘radi.

Savdo-sanoat palatasi rahbari 2023-yilda O‘zbekistonda 430 ming, Turkiyada 1,1 million dona avtomobil ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.

“Turkiyada atigi beshta brend — Renault, Ford, Hyundai, Togg ishlab chiqaruvchilari faoliyat yuritmoqda. Va u yerda avtomobillarga boj miqdori bozor qiymatining 100 foizini tashkil qiladi va dvigatel hajmiga bog‘liq. Agar Turkiya o‘z bozorini shunday himoya qilayotgan bo‘lsa, u bizdan orqada qolayotgan davlat hisoblanadimi? Bundan tashqari, 37 foizlik hashamat solig‘i bor”, — dedi va ADM Jizzakh avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbarining taklifini “100 foiz” qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Savdo-sanoat palatasining ta’kidlashicha, nol darajali bojlarning saqlanib qolinishi Xitoy elektromobillarini “sifatsiz xizmat ko‘rsatish va hech qanday kafolatlarsiz” ommaviy ravishda importiga olib keladi. Alixpartners konsalting kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib Xitoyning 137 ta ishlab chiqaruvchisidan 19 tasi qoladi.

“Tabiiyki, qolgan bankrot kompaniyalar o‘z elektromobillarini bojxona to‘lovlari bo‘lmagan mamlakatlarga olib kirishga harakat qiladi. Iste’molchilar mahalliy sharoitga mos kelmaydigan va sifatli xizmat ko‘rsatilmaydigan elektromobillarni sotib olib, katta xarajat qilishi mumkin,” — deyiladi palata xabarida.

Vahobov akkumulyatorlarni utilizatsiya qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tib, O‘zbekistonda bu yo‘nalishda hali hech qanday loyiha yo‘qligini aytdi. Batareyalarni qayta ishlash va yangi texnologiyalarni jalb qilish loyihalari uchun jamg‘arma yaratish uchun elektromobillar uchun bojlarni gibrid avtomobillar darajasiga ko‘tarish taklif qilinmoqda.

KIA va Chery avtomobillarini ishlab chiqaruvchi ADM Jizzakh avtomobil zavodi 2027-yil o‘rtalariga qadar O‘zbekistonda gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Investitsiyalar hajmi 550 million dollarga, budjetga tushumlar esa 700 million dollarga yetishi kutilmoqda, bu esa kompaniyaga mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilarning 5 taligiga kirishga imkon beradi. Uning rahbari avvalroq O‘zbekistonga elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilgan edi. Shuningdek, u avtomobillarni rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini qaytarishni so‘ragandi.

Munosabatlar

Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, ro‘yxatda bojlar joriy qilingan mamlakatlar va mintaqalar dunyodagi eng yirik avtomobil bozorlari hisoblanadi. Bu bozorlarning har birida Yevropa va AQSh misolida o‘nlab, Turkiya va Braziliya misolida kamida o‘nga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari mavjud.

“Ya’ni sanalgan bozorlarda importni hisobga olmaganda ham, ishlab chiqaruvchilarning o‘zida raqobat darajasi haddan ziyod yuqori. Masalan, Vahobov mehr bilan tilga olgan Turkiyada bozorda eng katta ishlab chiqaruvchi Renault’ning ulushi 25 foizga bormaydi. O‘zbekistondagi monopollashgan konsentratsiyani sanalgan bozorlardagi raqobat koeffitsiyenti bilan umuman solishtirib bo‘lmaydi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanab o‘tilgan mamlakatlarda tarifsiz to‘lovlar hajmi “palata raisi keltirgan va atayin qo‘rqinchli qilib ko‘rsatilgan raqamlardan ancha farqlanadi”.

AQShning boj kiritish bo‘yicha (ayniqsa Tramp davrida) tashabbuslari doim qattiq tanqid ostiga olingan va bu bo‘yicha konsensus yo‘q, dedi Bakirov. Xuddi shu narsa Yevropa Ittifoqida ham kuzatilmoqda.

U iqtisodchi Behzod Hoshimovning so‘zlariga to‘xtalar ekan, “hech qursa shu mamlakatlar darajasida ochiq bozorga ega bo‘lganimizda ham mayli edi”, deb ta’kidladi.

“Eng qashshoq mamlakatlardan bir bo‘la turib bizdan karrasiga boy mamlakatlarning yutuqli emas, xatoli qadamlaridan o‘rnak olishga urinishlar rosti achinarli”, — deb yozadi u.

Behzod Hoshimov, o‘z navbatida, Asakadagi avtomobil zavodi “O‘zbek iqtisodiyoti va ayniqsa O‘zbek sanoati uchun katta to‘siq va o‘lpon bo‘lgan va bo‘lib qolishini” ta’kidladi.

“U zavodni himoyalashga qo‘llangan choralarni millionlab odamlar o‘nlab yillardan beri to‘lab kelmoqda. Asakadagi zavod — samarasizlik va Karimov davridagi noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz. Xuddi shunday chuqurlarga o‘chiq ko‘z bilan ketayotganimiz achinarli”, — dedi u.

U, shuningdek, AQShga avtomobil importiga boj stavkasi 2,5 foiz ekanligini ta’kidladi.