Samarqand viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan korxona aniqlandi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Bulung‘ur tumanidagi “E.G.D.” MCHJ mansabdor shaxslari jamiyatga qarashli g‘isht ishlab chiqarish zavodidagi hisobga olish uskunasiga tok transformatori koeffitsentini o‘zgartirish yo‘li bilan tashqari ta’sir ko‘rsatib, 1 mlrd 109 mln so‘mlik 1 mln 286 ming kVt soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Holat yuzasidan “E.G.D.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.