Iyun oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridorlaridan biriga aylandi, deb xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

Oy davomida jahon markaziy banklarining zaxiralari 12 tonnaga oshdi. Oltin sotib olish hajmi 31 tonnani, sotish 18 tonnani tashkil etdi.

Qimmatbaho metallning asosiy xaridorlari O‘zbekiston Markaziy banki va Hindiston Zaxira banki bo‘ldi — har biri 9 tonnadan. Polsha — 4 tonna, Qatar — 3 tonna, Iordaniya va Chexiya — har biri 2 tonnadan, Turkiya — 1 tonna oltin sotib oldi.

Iyun oyida oltin sotish bo‘yicha yetakchi Singapur Markaziy banki bo‘ldi — 12 tonna. Qozog‘iston Milliy banki 6 tonna oltin sotdi.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston tomonidan sotilgan oltinning sof hajmi qariyb 7 tonnani tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat uchinchi o‘rinni egalladi va Tailand (10 tonna) va Filippin (25 tonna)dan keyin joylashdi. Qimmatbaho metallning asosiy xaridorlari Turkiya, Hindiston va Xitoy bo‘ldi.

markaziy bank, oltin

Iyun oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 293,7 million dollarga kamayib, 36,34 milliard dollarni tashkil etdi. Oltinning fizik hajmi 9,3 tonnaga oshdi, ammo valyuta zaxiralari deyarli 800 million dollarga kamaydi.

Iyunda oltin narxi bir unsiya uchun 2350 dollardan 2325 dollargacha (-1%) pasaydi. Ammo 1-avgust kuni oltin narxi tarixiy eng yuqori darajaga ko‘tarilib, bir troy unsiyasi uchun 2501 dollardan oshdi.