Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov fuqaroga tarsaki tushirgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Qashqadaryo viloyati hokimligi unga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Xabarda yozilishicha, ushbu masala viloyat hokimligi apparati yig‘ilishida “keskin muhokama qilingan”. “Tuman hokimi F.Yusupov shu va ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan”, — deyiladi xabarda.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, tuman hokimiga “har bir fuqaro bilan xushmuomala va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, muloqot chog‘ida odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi” kerakligi uqtirilgan va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilgan.

Fayzulla Yusupov Chiroqchi tumaniga hokim etib 2023-yil 4-avgustida tayinlangandi. Tayinlovga qadar u viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi rahbari bo‘lgan.

U 15-yanvar kuni “topshiriqlar ijrosini ta’minlashda nazoratni susaytirib yuborgani, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani” uchun hayfsan olgandi.