O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatda yashaydigan va bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.

Elchixona mavjud xavfsizlik vaziyati munosabati bilan Isroilning ayrim hududlariga borishdan saqlanishni qat’iy tavsiya qildi.

Shuningdek, hukumat va elchixona rasmiy xabarlarini kuzatib borish, Isroil frontorti qo‘mondonligidan bildirishnomalar va ogohlantirishlar (Home Front Command) mobil ilovasi yoki veb-sayti havolasini telefonga o‘rnatib olish so‘raldi.

“Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zingiz bilan olib yuring. Favqulodda vaziyatlarda bu sizga tezroq yordam olishga yordam beradi”, — deya ta’kidladi elchixona.

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar imkon qadar ommaviy yig‘ilishlar joyini chetlab o‘tishi va jamoat joylariga tashrif buyurishdan chetlanishi kerak.

Shoshilinch yordam yoki maslahat uchun elchixona kontaktlari. Favqulodda yordam telefonlari:

  • 03−672−2466;
  • 03−672−2371;
  • 03−758−5075;
  • 03−758−5076.

Favqulodda va shoshilinch xabarlar uchun:

  • 054 485 1397.

Elektron pochta: il.uzembassy@mfa.uz.